Korrupsion holatlar bo‘yicha 17 nafar bank mas’ullari jinoiy javobgarlikka tortildi

“Milliybank” aksiyadorlik jamiyati viloyat boshqarmasida xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tizimida o‘tkazilayotgan aksilkorrupsiya haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbirda bank viloyat boshqarmasi hamda hududiy bank xizmatlari markazlari va bank xizmatlari ofislari xodimlari bevosita ham ZOOM platformasi orqali qatnashdi.

Viloyat prokuraturasi, adliya boshqarmasi va boshqa tegishli organlar mas’ul xodimlari yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Joriy yil 5 mart kuni Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida mamlakatimiz bank tizimida korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

– Viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilda “Bank va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun va sohaga oid boshqa hujjatlar ijrosi yuzasidan 26 ta tekshirishlar o‘tkazilib, 28 ta hujjatga protest, 10 ta taqdimnoma kiritilgan, – dedi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Ja’far Sharopov. – Taqdimnomalar muhokamasiga ko‘ra, 100 nafardan ortiq bank xodimiga intizomiy va ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Banklarda mavjud muammoli kreditlar tahlil qilinganda aksariyatida korrupsion omillar borligi aniqlandi. Yaqinda bo‘lgan holat – 2022 yilda amalga oshirilgan loyihaga shu yilning avgust oyida kredit ajratilgani rasmiylashtirilgan. Axir buning ortida nima turganini oddiy odam ham anglaydiku. Umuman, shu kabi korrupsion holatlar uchun 17 nafar bank mas’ullari jinoiy javobgarlikka tortildi, 26 tekshirish, 100 dan ortiq bank xodimiga chora ko‘rilgan. Yaxshi bilasizlar, Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Samarqand tajribasini yo‘lga qo‘yish, sohalarni raqamlashtirish orqali maishiy korrupsiyaga barham berish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bu borada viloyat prokuraturasi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash hamkorligida davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilgan. 88 ta idora va tashkilotga prokuratura xodimlari biriktirildi. Har oyda bitta sohada korrupsion holatlarni o‘rganish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqilib, natijasi hududiy kengashda muhokama qilib kelinmoqda. Bundan albatta, bank sohasi mas’ullari va xodimlari ham xulosa qilishi lozim.

Tadbir davomida huquq-tartibot idoralari mas’ullari bank xodimlarini korrupsion va iqtisodiy jinoyatlarni keltirib chiqaradigan omillardan ogoh etib, ularga huquqiy tushuncha berdi, qonunlar mohiyati tushuntirildi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida bank xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan javoblar oldilar.