52,3 milliard so‘mlik kredit talon-torojliklari bo‘yicha 114 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni. Ushbu sana munosabati bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB viloyat hududiy boshqarmasida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

Tadbirda qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Bank va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlari borasida 26 ta tekshirishlar o‘tkazilib, 28 ta hujjatga protest, 10 ta taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomalar muhokamasiga ko‘ra, 113 nafar bank xodimi intizomiy, 6 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Xususan, 99 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilib, 52 milliard 350 million so‘mlik kredit mablag‘larining talon-torojliklari bo‘yicha 114 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davomida 17 nafar banklarning mansabdor shaxslari va 97 nafar qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan.   

  

- Joriy yil 5 martda Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Samarqand tajribasini yo‘lga qo‘yish, sohalarni raqamlashtirish orqali maishiy korrupsiyaga barham berish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berildi, - deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Ja’far Sharopov. – Shunga asosan o‘tgan davrda viloyat prokuraturasi hududiy kengash bilan hamkorlikda davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida “Yo‘l xarita”si ishlab chiqildi. Korrupsiyaviy omillarni tahlil qilish uchun shtab tashkil etilib, 88 ta idora va tashkilotlarga prokuratura xodimlari biriktirildi. Har oyning 1-5 sanalarida korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etishga qaratilgan mexanizm ishlab chiqilib, nazorat tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, har oyda bitta sohada korrupsion holatlarni o‘rganish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqilib, natijasi hududiy kengashda muhokama qilib kelinmoqda.          

Bundan tashqari, viloyatdagi davlat tashkilotlarida ishlovchi 6500 dan ortiq davlat xizmatchisi korrupsiyaga qarshi kurash virtual akademiyasida malaka oshirib, sertifikat oldi. Hududiy kengash qarori bilan 23 ta yo‘nalishdan iborat indikator ko‘rsatkichlari tasdiqlanib, har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etildi. Ayniqsa, maishiy korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning taklif va tashabbuslaridan foydalanib “Yo‘l xarita”si imzolandi. Davlat boshqaruvlarida inson omilini kamaytirish, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari yanada jadallashtirilmoqda.    

     

Bank xodimlari, mijozlar va fuqarolar ishtirok etgan tadbirda korrupsiyaning xunuk oqibatlari, uning jamiyatga salbiy ta’sirlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

- “Biznesni rivojlantirish banki” viloyat hududiy boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurash oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazilmoqda, - deydi “Biznesni rivojlantirish banki” kompleans nazorat departamenti menejeri Dilshod Samiyev. – Bunda bankimizda tashkil qilingan kompleans nazorat departamenti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida jamoatchilikka axborot berildi. Bankda korrupsiyaning oldini olish uchun mijozlar kredit olish jarayonida kreditlarni elektron tartibda olish hamda mijozlar bankka kelganda ularni identifikatsiya qilish maqsadida yuz tanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, bankda korrupsion holatlar haqida ma’lumot qabul qiluvchi aloqa kanallari tashkil qilingan. Jamoatchilikka ushbu aloqa kanallari 24/7 rejimida ishlab turganligi haqida ma’lumot berildi.    

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV surat.