“Maroqand neft bazasi”da talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga oid to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi
“Maroqand neft bazasi” MChJning sobiq rahbariyati va mutasaddi xodimlari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, o‘zlariga tegishli korxonalar va fermer xo‘jaliklariga jami 17,8 mlrd. so‘mlik neft mahsulotlarini to‘lovsiz yetkazib, o‘zlashtirgani aniqlangan.
Neft baza hisobchilari tomonidan jami 1 829 mlrd. so‘m jamiyat hisob-raqamiga kelib tushmagan bo‘lsa-da, sun’iy ravishda iste’molchilarning interaktiv kartalariga kiritilib, neft mahsulotlari o‘zlashtirilgan.
Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq 1 milliard so‘mdan ziyod to‘lovlar va moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.
Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari ombori va tasarrufidagi FYoTShlarda jami 564,5 mln. so‘mlik neft mahsulotlari, 89 mln. so‘mlik asosiy vositalar va inventarlar kamomadlari aniqlangan.
Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari omborida va “Ziyovuddin” filialida saqlanib kelinayotgan 6,3 ming tonna neft mahsulotlari standart talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsizligi ma’lum bo‘lgan.
Jamiyatga tegishli temir yo‘l sexi, qozonxona va avtoxo‘jaliklari tomonidan 520 mln. so‘mlik neft mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan.
Jamiyatning 2022 yil 1 dekabr holatiga muddati o‘tgan debitor qarzdorligi 50,5 milliard so‘mni tashkil qilgan. Ushbu qarzdorlik bo‘yicha majburiy undiruv choralari ko‘rilmaganli oqibatida 14 mlrd. so‘mi umidsiz qarzga aylangan.
Jamiyat sobiq bosh hisobchisi o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi natijasida 10,4 mlrd. so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i ortiqcha to‘langan.
Jamiyat tasarrufidagi AYoQShda 29 million so‘m chakana savdo pul tushumlari o‘z vaqtida jamiyatning tegishli hisob-raqamlariga kirim qilinmagan.
Shartnomalarning xarid qonunchiligiga to‘g‘ri kelishi tanlov asosida o‘rganilganda, qiymati 268,7 mln. so‘mlik shartnomalar davlat xaridlari qonunchiligiga zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan.
O‘rganish jarayonida jami 4,5 mlrd. so‘mlik pul mablag‘lari jamiyat hisob-raqamiga undirilishi ta’minlandi.
Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida, to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan.