Samarqanddagi byudjet muassasalarida 563 million so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatidagi byudjet muassasalarida byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganildi.

O‘tkazilgan o‘rganish davomida hududdagi byudjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etildi.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mansabdor shaxslari markazda ishlovchi 54 nafar ishchi-xodimga umumiy 175 mln. so‘mlik tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyingi ta’til, kasallik varaqasi va mehnat ta’tili hamda ustama pullarini asossiz hisoblash orqali davlat byudjetining juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bu kabi holatlarni Samarqand shahar 3-son tug‘ruq majmuasi tomonidan xodimlarga ish haqi sifatida 50 million so‘m va Narpay tuman obodonlashtirish boshqarmasida jami 29 million so‘m byudjet mablag‘lari qonun talablariga rioya qilinmagan holda tasarruf etilganida ham ko‘rish mumkin. 

Viloyat prokuratura idoralari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, viloyatdagi byudjet muassasalarida jami 563 million so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Hozirda viloyatdagi boshqa muassasalarda aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.