Maktab, bog‘cha, suv chiqarish inshooti qurilish-ta’mirlash ishlarida 1 milliard 270 million so‘m talon-toroj qilingan

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Samarqand viloyat davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi hamkorligida viloyatda amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Samarqand tumanidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlar o‘rganilganda, pudratchi tashkilot rahbarlari smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlarini amalda to‘liq bajarmasdan, ma’lumotlarni qo‘shib yozish orqali 726,5 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, o‘rganishda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi uchta mahallada qurilgan suv chiqarish inshootida amalga oshirilgan qurilish ta’mirlash ishlarida 204,5 million so‘m va Samarqand shahridagi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini joriy ta’mirlash jarayonida 339,1 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, hujjatlar belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilindi.

Samarqand viloyat davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi.