Temiryo‘lorti hududi fayzli maskanga aylanadi

Ikki yil ilgari Samarqand shahrining temiryo‘lorti (mahalliy aholi tili bilan aytganda “zaliniya”) hududida yashovchi aholining murojaatlarini o‘rganish maqsadida Matonat mahallasiga borgan edik. Mahallaning tunda yoritilmaydigan tor va boshi berk ko‘chalaridan o‘tib, umumiy hovlilarda, kichik hovlichalarda yashovchi aholi sharoitini ko‘rib, “qachon bularning yelkasiga ham quyosh tegarkan?”, deb xayolimdan o‘tkazgan edim. Tartibsiz qurilgan bu  hovlilarda 5-6 ta oila yashab, bitta hojatxonadan foydalanishadi. Uyga yaqinlashsangiz, atrofga taralgan badbo‘y hiddan boshingiz aylanadi. Ariq va zovurlar maishiy  chiqindilarga to‘la, kanalizasiya tarmog‘i yo‘qligidan xonadonlarning oqova suvlari yo‘lga oqizib qo‘yilgandi. Tabiiy gaz va elektr ta’minotining muntazam uzilishi, toza ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlarining yo‘qligi aholini qiynab qo‘ygan edi.

To‘g‘risi, birgina Matonat emas, Temiryo‘lchilar, Baraka, Maysazor, Ipak yo‘li, Mehnat mahallalarida ham ahvol shunday edi. Hududni obodonlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar deyarli qilinmagan. Ishsizlik darajasining yuqoriligi, zarur infratuzilmaning yetishmasligi natijasida hudud ijtimoiy og‘ir toifada edi. Shu yilning o‘tgan davrida hududdagi mahallalarda giyohvandlik, qasddan tan jarohati yetkazish, o‘g‘rilik bilan bog‘liq 20 ta jinoyat sodir etilgan.

Joriy yilda hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirish, mahallalarni obod maskanlarga aylantirish maqsadida renovasiya dasturi asosida amaliy ishlar boshlandi. Unga ko‘ra, 301 gektar maydonda yuz ming aholi uchun 30 ming 996 ta xonadon qurish rejalashtirilgan. Zamonaviy loyihalarga asosan, 1980 o‘rinli 3 ta maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, oliy ta’lim muassasasi, zamonaviy sport sog‘lomlashtirish maskanlari, ko‘p qavatli avtoturargohlar, sanoat korxonalari, mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, madaniyat va istirohat bog‘lari, ekobozor, savdo va ko‘ngilochar markazlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan bo‘lib, fuqarolarga buzilishga tushgan uylarining tag asosi qancha kvadrat metrni tashkil qilsa, shuncha hajmda, barcha qulayliklarga ega zamonaviy uy-joylar taklif qilinmoqda. Kattaroq oilalarga alohida-alohida xonadonlar ajratilmoqda. Xullas, mulk egalarini berilayotgan uy-joylardan rozi qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda temiryo‘lorti hududidagi uylarning buzilishi, uy egalarining rozi qilinmayotganligi bo‘yicha turli noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqaldi. Aslida holat qanday?

Matonat mahallasidagi 726 ta xonadon egalari 3 - bosqichda renovasiya asosida zamonaviy uylarga ko‘chiriladi. Hozirda 8 ta hovli egalari o‘zlariga qulay takliflarga asosan yangi uylarga ko‘chirildi. Jumladan, Matonat mahallasi 1-boshi berk ko‘cha, 11-uyda yashovchi Galina Mixaylova So‘g‘diyona massivida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylardan 2 ta uch xonali xonadonga ega bo‘lgan bo‘lsa, 4 sotixli hovlida yashab kelgan X.Ibragimovaning oilasiga Rudakiy ko‘chasida qurilgan yangi binodan 60 kvadrat metr bo‘lgan xonadon va eski uy-joyining o‘rnidan quriladigan yangi ko‘p qavatli uydan o‘g‘ilining oilasi uchun 94 kvadrat metrli xonadon ajratiladigan bo‘ldi.

– Shu paytgacha hovlimizda uchta oila yashaganmiz, – deydi matonatlik Rizo Lyumanov. – Quruvchilar bizning taklifimizga ko‘ra, Samarqand shahridagi Dehqon ko‘chasidan 4 ta oilaga mo‘ljallangan xonadonni sotib olib berishdi. Yangi hovlimiz barcha qulayliklarga ega. Eng muhimi, jamoat transporti, savdo shoxobchalariga yaqin joylashgan. Kanalizasiya, tabiiy gaz va elektr energiyasi muntazam ishlab turibdi. Asosiysi, biz bu kelishuvdan mamnunmiz.     

Loyihaning birinchi bosqichida 500 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilishi boshlangan.

– Hozircha 1050 ta xonadonga ega bo‘lgan uy-joylarimizdan tashqari 4 qavatli avtomobillar turargohi, savdo uyi, ayollar va erkaklar uchun alohida fitnes zallari, kutubxona qurilishi uchun joy hozirlanmoqda, - deydi “Elita promstroy” MChJ  ish boshqaruvchisi Otabek Toshtemirov. – Hududda mavjud ko‘p yillik daraxtlar ham joyida qoladigan bo‘ldi. 2 yilgacha bo‘lgan gul butalari va daraxt ko‘chatlari ma’qul joylarga ko‘chiriladi. Keyinchalik yana iqlimga moslashtirilgan mingga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ham ekiladi. 

- Ko‘chamizning bir qismi jarlik va tepaliklardan iborat bo‘lgani sababli infratuzilma hamda oqova tarmoqlari tortishda muammolarga duch kelardik, –deydi Doniyor Kamolov. – Bir xonadonda ikki oila yashashga majbur bo‘lganmiz. Bitta hammom va hojatxonadan foydalanib kelamiz. Eski uyning devorlari zax tortib, nurab qolgan edi, hatto ta’mirlashga ham hafsala qilmagandik. Endi bo‘lsa, ko‘p qavatli uyning 5 qavatida joylashgan 3 xonali 2 ta xonadon uchun shartnoma imzoladik. 

Temiryo‘lorti hududi loyihasida shaharga va yangi barpo etilgan Qorasuv massiviga qisqa va ravon yo‘l kiritilgan. Ikkita osma ko‘prik barpo etilib, piyodalar va avtomobil haydovchilari uchun qulayliklar yaratiladi.

Hududda renovasiya dasturi asosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida temiryo‘lorti maktab va bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari,  yashil bog‘ va xiyobonlar, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, aholi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarga ega fayzli va obod maskanga aylantiriladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.