Korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirildi: davlat xizmatchilari uchun seminar o‘tkazildi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda korrupsiyaning oldini olish, davlat organlari faoliyati shaffofligini oshirish hamda hisobdorlik tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimligida tashkil etilgan “Davlat fuqarolik xizmatida boshqaruv samaradorligini oshirish, hokimliklarda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish” mavzusidagi seminar ham aynan shu haqda bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi rahbar va xodimlari, shuningdek, tuman (shahar) hokim va o‘rinbosarlari, hokimlikning apparat xodimlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilariga davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, professional xizmat etikasi talablari, jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik masalalari tushuntirildi, shuningdek, belgilangan me’yorlarni buzganlik uchun javobgarlik haqida eslatib o‘tildi.

Seminarning alohida qismi davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi va odob-ahloq me’yorlariga rioya qilish masalasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga davlat boshqaruvi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish mexanizmlari va asosiy tushunchalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shuningdek, ijro hokimiyatida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi va uning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi, samaradorlik ko‘rsatkichlari ijrosini tashkil qilishga alohida ahamiyat qaratildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.