Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalar ko‘rkam tasvirlarda namoyon bo‘ladi

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining joriy – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish, belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminari o‘tkazildi.

Unda ijodiy uyushmaning kengash a’zolari, hududiy bo‘limlari rahbar va xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Seminar avvalida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan 16 fevral kuni qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor islohotlar yo‘nalishlari belgilab berilganini ta’kidladi.

– Farmon va u asosida tasdiqlangan dasturga ko‘ra, joriy yilda yurtimizdagi mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi – dedi I.Latipov. – Kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar soni 3,5 mingtaga yetkaziladi. Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi. Bunday keng ko‘lamli ish nafaqat hukumat va mahalliy hokimliklar, davlat organlariga, balki barcha tashkilotlar, ijodiy uyushmalari va har bir fuqaro zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘zgarishlar va ularning ahamiyatini xalqimizga ko‘rsatish, butun dunyoga namoyon etishda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining munosib o‘rni, faol pozitsiyasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun yil avvalida sizlar bilan uchrashib, bu boradagi vazifalarimizni belgilab olishga qaror qildik.

Seminarda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi kengashi a’zolari – “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbari Akmal Nur mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu jarayondan yurtdoshlarimizni tasviriy vositalar orqali keng xabardor etish “Tasviriy oyina”ning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladilar. Shu bilan birga tashkilot oldida turgan vazifalar, Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman va shaharlar, mahallalar hayotini xalqimizga namoyon etishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdilar.