Sog‘lom turmush tarzi - inson salomatligini asrash, mustahkamlash hamda uzoq umr ko‘rish garovi

Darhaqiqat, shunday. Bugun dunyo miqyosida qon bosimining oshishi ko‘proq yoshlarda uchrayotgani, odamlar yurak-tomir, nafas olish organlari, diabet, saraton kasalliklari bilan kasallanishi ko‘payayotgani sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik oqibati ekanini shifokorlar tez-tez ta’kidlab turibdi.

Buning oldini olish uchun mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning biri Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali tomonidan tashkil etildi. Filialda o‘tkazilgan seminar-treningda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan diniy idoralar vakillari ham ishtirok etdi.

- Xalqimiz azaldan islomiy qadriyatlarni e’zozlab keladi. Shu jihatdan ularning aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish imkoniyati shifokorlardan kam emas, – deydi markaz bosh vrachi G.Negmatova. – Shu sababdan ham markazimiz ushbu targ‘ibot ishlarida diniy idora vakillari bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Seminar-trening doirasida 40 nafardan ziyod O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi xodimlari markaz shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.