“Biz ham ilm maydoniga kiramiz”

Dostonchilik o‘zbek adabiyotining ta’lim-tarbiyadagi eng katta, samarali vositasi hisoblangan. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi orqali yaratilgan dostonlar davralarga mazmun bag‘ishlagan. Ma’rifat ahlining aksariyati ana shu hikmatli asarlarni tinglab kamolga yetgan.

Taniqli adiblar yaratgan dostonlar esa o‘zining ilmiy xulosalari, tarixiy voqeliklarga munosabati bilan ajralib turgan. “Xamsa” shular jumlasidandir. Tabiiyki, bu janrga va “Xamsa”larda yozilgan dostonlarga sharh berib o‘tirishdan tiyilaman, chunki bunga mening quvvai hofizam yetmaydi, lekin kamina ham ana shu asarlarni o‘qib, boshqa ziyolilar kabi ta’sirlanganman, ulardan mahoratni o‘rganganman.

Yashirib o‘tirmayman, allomalar yozgan dostonlarni har kim o‘qib hazm qila olmagan. Chunki ulardagi ilmiylik (manbalar va jug‘rofiy nomlar sharhi) alohida iqtidor va e’tibor talab qilgan. Bu asarlarni o‘qigan notiqlar doston mazmunini boshqalarga soddaroq qilib tushuntirib berganlar. Bu uslub ham bedilxonlik, navoiyxonlik, ganjaviyxonlik davralarining udumiga aylangan.

O‘zbek adabiyotida dostonchilik uslubi zamon zayliga qarab evrilib turgan. Hatto, shoh va amirlarga bag‘ishlangan dostonlarda ham jamiyatning og‘riqlari, muallifning orzu-umidlari oshkora izhor etilgan. Dostonning asosiy maqsadi tarixiy voqelikni poetik tarzda tarixga muhrlashdir.

Jumagul Suvonova bu holatni juda yaxshi biladi. Chunki u shoira va olima, qolaversa, mumtoz adabiyotimiz bilimdoni. Shu sababli o‘zining navbatdagi “Sulola” deb nomlangan dostoniga anchagina tajriba va alohida ishtiyoq bilan kirishdi. Zotan, ustozi, professor Ibodulla Mirzayevning Termiziylar merosining ahamiyati haqidagi suhbatlari unda bu mavzuga juda katta qiziqish uyg‘otdi.

Garchi uch yil avval “Samarqandnoma” dostonini bitishda yuzlab manbalarni qidirib, katta mashaqqatlarga duch kelgan va asar chop etilgandan keyin uning o‘quvchilari juda ko‘p emasligini anglagan bo‘lsa-da, J.Suvonova ijodiy qat’iyatda mahkam turdi, ijodkorlik prinsipidan voz kechmadi. Ehtimol, shuning uchundir soha bilimdonlari asarni katta mahorat bilan bitilganini e’tirof qilmoqdalar.

“Sulola” an’anaviy uslubda yozilgan. Ya’ni, unda Termiziy sayyidlar sulolasiga tegishli allomalar hayoti va ijodi hamda ilmiy faoliyati haqida hikoya qilinadi. Bunday hikoyalar Hoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari g‘oyalariga munosabat tarzida yozilgan. Termiziyning bu asari podshohlar uchun dastur sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, unda inson hayotining turli holatlari qalamga olingan. Jumagul ham aynan ana shu uslubni davom ettirgan holda allomalarning paydo bo‘lishi, asarlarning tug‘ilishi, unga odamlarning munosabati haqida juda ravon baytlar yoza olgan. 32 fasldan iborat dostonning har bir bayti alohida syujetga ega bo‘lsa-da, ular bir-birini to‘ldirib boradi. Deyarli har faslda “Dastur ul-muluk” asaridan chiroyli baytlar misol keltiriladi va sharhlanadi. Yana bir muhim jihati shundaki, muallif dostonda har bir voqelikning o‘z davridagi tarixiyligi haqida juda chiroyli tashbehlar yaratgan:

“Uchinchi hikmat ham oydek porlagay,

Dilni ravshan go‘shalarga chorlagay,

Har yurakni ma’rifat-la boyitar,

Har go‘shani haq nuri-la yoritar”.

Dostonda mingga yaqin manbadan foydalanilgan. Demak, muallif har bir satr yoki voqelikni sharhlash barobarida ana shuncha manbalarni o‘qib, o‘rgangan. Shu sababli bu manbalarning ahamiyati, nomi satrlar mazmuniga singdirilgan. Shuning uchun ham dostonni o‘qigan kishida Termiziylar sulolasi haqida juda boy taassurot paydo bo‘ladi. Binobarin, muallif – olima va shoira Jumagul Suvonovaning jasorati, mahorati ham ana shundadir.

Yaxshisi, kitobni o‘qib siz ham kamina kabi zavqlaning.

Farmon Toshev.