Adolatli sud tizimi sari
Joriy yil 14 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Asosiy maqsadi inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan, xalqchil, adolatli va zamonaviy sud tizimini shakllantirishga qaratilgan hujjat inson huquqlari, raqamlashtirish, advokatura, nizolarni sudgacha hal qilish va sud qarorlarining ijrosi kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027 yil 1 iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyasiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.
Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi ko‘proq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030 yilga qadar zaruratga qarab, qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida ta’minlanadi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1 iyuldan umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etiladi.
Tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo‘llash (sanksiya berish) to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov sirini ta’minlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yo‘li bilan tekshirish vakolatlari beriladi.
2027 yil 1 avgustdan yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini belgilangan tartibda ochiq e’lon qilish va yangilab borish amaliyoti (“Pretsedentlar” reyestri) joriy etiladi. Yil yakuniga qadar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali MySudUz ning yangilangan mobil ilovasi ishga tushirilib, “Sudga murojaat namunalari” interaktiv xizmatini takomillashtiriladi.
Strategiyada nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini rivojlantirishga ham katta e’tibor berilgan. Mediatsiya, yarashuv va boshqa muqobil usullar taraflarga nizoni tezroq va kamroq xarajat bilan hal qilish imkonini beradi.
Bu mexanizmlarning ahamiyatini faqat sudlarning ish yuklamasini kamaytirish bilan cheklab bo‘lmaydi. Eng muhimi, taraflar o‘rtasidagi nizo chuqurlashib ketmasidan oldin uni hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ayniqsa, tadbirkorlik sohasida bu juda muhim. Uzoq davom etgan sud jarayoni biznes uchun vaqt, mablag‘ va ishbilarmonlik imkoniyatlarining yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Odil sudlovning yana bir muhim sharti - shaxsning malakali yuridik yordam olish imkoniyatidir. Sud tizimi qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, agar fuqaro o‘z huquqini himoya qilish uchun sifatli advokatlik yordamiga ega bo‘lmasa, suddagi protsessual imkoniyatlar tengligi ta’minlanmaydi.
Shu sababli advokatura institutini rivojlantirish, bepul yuridik yordam imkoniyatlarini kengaytirish va himoya huquqining kafolatlarini kuchaytirish strategiyaning inson huquqlariga qaratilgan mazmunini yanada mustahkamlaydi.
Hujjatga ko‘ra, sud tizimida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish ham yangi bosqichni boshlashi mumkin. Masalan, katta hajmdagi hujjatlarni tahlil qilish, huquqiy ma’lumotlarni izlash, protsessual muddatlarni nazorat qilish va hujjat loyihalarini tayyorlashda sun’iy intellekt sudyalarga yordamchi vosita bo‘la oladi.
“Odil sudlov - 2030” strategiyasi O‘zbekistonda sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini belgilab beruvchi muhim hujjat. Uning markazida sudlarni shunchaki zamonaviylashtirish emas, balki inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudga bo‘lgan ishonchni oshirish va odil sudlovni aholi uchun yanada ochiq va qulay qilish g‘oyasi turibdi.
Furqat Anarov,
viloyat sudi sudyasi.