«Mahalla» elektron ma’lumotlar platformasi yaratildi
Samarqandda mahallalar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, mahalla raislarining ish samaradorligini onlayn va tezkor amalga oshirilishiga xizmat qiladigan ushbu tizimning ishlash faoliyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Ikki kun davomida viloyatning barcha tuman, shaharlarida tashkil etigan o‘quv-seminarlarda barcha mahalla fuqarolar yig‘inilari raislari ishtirok etdi. Unda tizimni raqamlashtirish, bu ishlarning ahamiyati va natijadorligi haqida so‘z yuritildi.
- O‘tgan yili viloyatimizda mahallalarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Natijada 200 ta mahalla binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, - deydi viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - Joriy yilda esa mahallalarda samarali boshqaruv tizimiga alohida e’tibor berishni o‘z oldimizga maqsad qildik. Shu maqsadda 2023 yilda mahallalar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik.
Ya’ni, 1 126 ta mahalla uchun “Mahalla” elektron ma’lumotlar platformasi ishlab chiqildi. Elektron dasturni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad, birinchidan, mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish. Ikkinchidan, turli xil hisobotlarni tayyorlash, hisobotlar raqamlaridagi tafovutlarni bartaraf etish, unga sarflanadigan vaqtlarning oldini olish. Ya’ni, mahalla ro‘yxati, ularning joylashuvi, chegaradosh mahallalar, aholisi, milliy tarkibi, yoshlar, xotin-qizlar soni, mahalla tarixi, mahalla faollari, moddiy-texnik bazasi, mahalla raisi ma’lumoti, mutaxassisligi va boshqa shu kabi muhim ma’lumotlar bazasi yaratildi.
Uchinchidan, mahalla markazlariga fuqarolarning murojaatlari, qaysi yo‘nalishlarda murojaatlar bo‘lmoqda yoki fuqarolar, umuman, mahalla markazlari kelib murojaat qilmayapti (bu holatlarga turli xil savollar tug‘iladi) mahalla raislarining xonadonbay muammolarni o‘rganishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berishi, mahalla raislarining maktablar bilan bevosita hamkorligi, muntazam dars jarayonlariga ishtirok etmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlash, jamoatchilik imkoniyati orqali mas’uliyatini oshirish hamda o‘z mahallasidagi to‘y-ma’raka, janoza va boshqa tadbirlarni o‘tkazilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, ishtiroki kabi asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, mahalla raislarining kunlik, haftalik va oylik faoliyatlari to‘liq tahlil etib borish.
Yuqorida qayd etilgan maqsadlar orqali mahallalarda samarali ish tashkil etishga va qaysi mahalla raisining bevosita faolligi, mahallaparvarligi yoki buni aksidagi faoliyatini ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur mahalla elektron dasturini kelgusida yanada takomillashtirish orqali mahalladagi beshlikni to‘liq qamrab olgan holda viloyatdagi 750 mingdan ortiq xonadonlarni zamonaviy boshqaruv tizim bilan 3 oy ichida har bor xonadondagi vaziyat, muammo va uning yechimi bo‘yicha amaliy tadbirlar ko‘rib borish imkoniyati yaratiladi.
Seminarlar davomida turli taqdimotlar o‘tkazildi, unda mahallalar raislari faoliyatini muvofiqlashtirishda axborot tizimining hozirgi holati, raqamli yozuvlarning tavsiflari, ularni boshqarish jarayonlari, raqamli hujjatlarni saqlash va kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.