“Mahalla yordami”: Samarqand adliyasi yangi telegram botni ishga tushirmoqda
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar ishtirokida press-tur o‘tkazildi.
Unda boshqarma boshlig‘i Salohiddin Sattorov hamda boshqarma mas’ul xodimlari aholiga sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Dastlab, “Mahalla yordami” telegram boti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur bot Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
— Mazkur bot orqali dastlabki bosqichda faqat ijtimoiy daftarlar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolar uchun qonunchilikda berilgan imtiyoz turlari, ulardan qanday foydalanish mumkinligi, qaysi vakolatli organga murojaat qilish, imtiyozlarni qo‘llash tartibi va muddatlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin, — dedi S.Sattorov. — Mazkur imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda adliya boshqarmasiga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur botdan fuqarolarni xabardor qilish, undan foydalanish tartibi to‘g‘risida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Xususan, QR-kodli ma’lumotlar viloyat hududidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga tarqatilmoqda.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan hozirda “Mahalla yordami” telegram boti foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ya’ni faqat “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga berilgan imtiyozlar emas, balki amaldagi qonunchiligimizda mavjud barcha jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar haqida ham botga ma’lumot kiritilmoqda.
Tadbir davomida boshqarmada yo‘lga qo‘yilgan Situatsion markaz faoliyati bilan ham tanishtirildi. Qayd etildiki, bugungi kunda barcha Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYo organlari va Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Ushbu kuzatuv kameralari Adliya vazirligi binosida BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida barpo etilgan “Situatsion markaz” bilan bog‘langan.
Situatsion markaz orqali yuqorida nomlari keltirilgan adliya organlaridagi xizmat ko‘rsatish jarayonini real vaqt rejimida kuzatish, elektron murojaatlar hamda axborot tizimlar holati bo‘yicha monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.
Hozirgi kunda viloyat adliya boshqarmasida ham mazkur Situatsion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u viloyatdagi 16 ta davlat xizmatlari markazlari, 23 ta FHDYo organlari va 16 ta YuXKM binolarida, jami 280 ga yaqin kuzatuv kameralari hamda Q-matic tizimi bilan bog‘langan.
Situatsion markaz davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulaylik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek tezkor va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi, jumladan, monitoring qilish va xodimlarning xatti-harakatini nazorat qilish ham mumkin. Eng asosiysi, elektron navbatlarni nazorat qilish imkonini beruvchi Q-matic tizimi va undan foydalanish, har bir markazdagi navbatlar ham nazorat qilinadi.