Tadbirkorning buzilgan huquqlari adliya tomonidan tiklandi
Davlat kadastrlar palatasi Nurobod tumani filiali xatosi bilan elektron ma’lumotlar bazasiga tumandagi “M. S.” xususiy korxonasi (qisqartirildi)ga tegishli bo‘lmagan mulk kiritilgan hamda asossiz ravishda yer va mol-mulk solig‘i hisoblangan.
"Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida"gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat reyestriga kiritiladigan ma’lumotlar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlardagi ma’lumotlar bilan taqqoslanuvchan va ularga muvofiq bo‘lishi kerak. Biroq filial mas’ullari ko‘chmas mulk ob’yekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganmagan hamda ma’lumotlar xato kiritilgan. Oqibatda bir mulkning turli shaxslarda ikki marta ro‘yxatga olinib, asossiz soliq qarzdorligi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilgan.
Korxona rahbari mazkur xatolikni to‘g‘rilashlarini so‘rab, tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo bu murojaatlar e’tiborsiz qoldirilgach, tadbirkor buzilgan huquqlarini tiklashda viloyat adliya boshqarmasidan ko‘mak so‘radi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi mazkur qonunbuzilishini bartaraf etish to‘g‘risida Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasiga taqdimnoma kiritgach, holat ijobiy yechim topdi va xususiy korxonaning huquqlari tiklandi.