Yapon tadbirkorlari Samarqndda to‘qimachilik zavodi ochadi

Davlatimiz rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes forum va tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidbek Samiyev ham ishtirok etdi.

Tashrif doirasida Yaponiyaning “Okamoto Corporation” kompaniyasi  prezidenti Ryutaro Okamoto va X.Samiyev ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Samarqandda paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladigan paypoq ishlab chiqarish zavodini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqandda paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonli paypoq ishlab chiqarish zavodini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari X.Samiyev O‘zbekistonning Nagoya viloyatidagi faxriy konsuli sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritgan Hiroyuki Ito bilan uchrashuvida Yaponiyaning salohiyatli tadbirkor va ishbilarmonlarini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun viloyatimizga jalb etish va Bulung‘ur tumanida ular uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, yaponiyalik yetakchi investorlar ishtirokida vebinarlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yaponiyaga amalga oshirilayotgan tashrif doirasida hokim o‘rinbosari Yaponiyaning “Masui Co., Ltd.” kompaniyasining O‘zbekistondagi mas’ul vakili Chinori Tokita bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur kompaniya Samarqandning ip va kalava xomashyosidan foydalanib, Yaponiyada “SAMARQANDARYo” brendi ostida sochiq va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, yangi loyiha takliflari hamda kompaniya vakillarining 2026-yil fevral oyida viloyatga tashrifi masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, viloyatda to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi.