Samarqandda mashhur brend ichimliklar ishlab chiqarish kengaytiriladi
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev “Coca-Cola İçecek” kompaniyasining O‘zbekiston bo‘yicha bosh direktori Furkan Ayden boshchiligidagi turkiyalik tadbirkor va mutaxassislarni qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya hamkorligida amalga oshirayotgan ishlar, jumladan, Toshkent, Xorazm, Namangan va Samarqand viloyatlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari, ularning quvvati, yangi loyiha va ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
— O‘tgan yil may oyida Jomboy tumanida ishga tushirilgan CCI zavodi biz uchun muhim qadam bo‘ldi, — dedi Furkan Ayden. - Yiliga 280 million litrgacha salqin ichimliklar ishlab chiqarayotgan korxonada 200 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. 2026 yilning birinchi choragida “CCI Samarkand limited” MChJ negizida yana yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilib, mashhur brend ichimliklar ishlab chiqarish hajmi yanada kengaytiriladi. Shuningdek, biz Samarqand shahridagi “Samavto” zavodini sotib olishni va yangi avtomobillar ishlab chiqarib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtiryapmiz.
Muloqot davomida Adiz Boboyev viloyatda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani va investorlar bilan uzoq muddatli, samarali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
— Samarqandga kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi yil sayin ko‘payib bormoqda, — dedi A.Boboyev. — Shu bois shaharda jamoat transporti, xususan, elektromobil va mikroavtobuslarga talab yuqori. O‘ylaymanki, hamkorlik doirasida ushbu turdagi transport vositalari ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, samarali bo‘ladi. Biz bu borada barcha zarur infratuzilma va logistika imkoniyatlarini yaratishga tayyormiz.
Uchrashuvdan so‘ng Samarqand tumanidagi qiymati 4 million dollarlik «Samarqand ichimligi» ulgurji yetkazib berish markazi faoliyati bilan tanishildi.
Korxona rahbari Ulug‘bek Davronovning ta’kidlashicha, markazda 30 dan ziyod yuk avtomashinasi viloyatdagi savdo nuqtalariga 38 turdagi salqin ichimliklar yetkazib beradi. Korxonada 100 nafardan ziyod yoshning bandligi ta’minlangan.