Sun’iy intellekt – tafakkur taqlidi
Bugungi kunda sun’iy intellekt inson hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Undan dastlab faqat ilmiy sohalarda foydalanilgan bo‘lsa, hozirda kundalik turmushimizda ham keng qo‘llanilmoqda.
Sun’iy intellekt deganda kompyuter yoki dasturiy tizimning inson tafakkurini, o‘rganish va qaror qabul qilish qobiliyatini taqlid qilishi tushuniladi.
Bugun har birimiz internet orqali sun’iy intellekt bilan bevosita muloqotdamiz. Masalan, “Google” yoki “ChatGPT” kabi tizimlar inson so‘rovini tahlil qilib, kerakli javobni beradi. Onlayn do‘konlar xaridor odatlariga qarab mahsulot tavsiya qiladi, tibbiyotda esa sun’iy intellekt kasalliklarni erta aniqlashda shifokorlarga yordam bermoqda.
Ta’lim sohasida ham sun’iy intellektning o‘rni tobora kengaymoqda. Masofaviy darslar, test tizimlari va o‘quvchilarning individual rivojlanishini kuzatish dasturlari – bularning barchasi sun’iy intellekt asosida ishlaydi. Bu esa o‘qituvchiga har bir o‘quvchiga individual yondashish imkonini yaratadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish, transport, bank tizimi, hatto qishloq xo‘jaligida ham sun’iy intellekt samaradorlikni oshirmoqda. Masalan, avtomatik boshqaruv tizimlari, aqlli transport yo‘nalishlari va iqtisodiy tahlil dasturlari inson mehnatini yengillashtirmoqda.
Sun’iy intellekt inson hayotini qulay, tez va samarali qilmoqda. U bizga vaqtni tejash, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish hamda turmush sifatini yaxshilash imkonini beradi. Eng asosiysi, sun’iy intellekt inson aqlini to‘ldiradi, ammo uni almashtira olmaydi. Shu bois, uni faqat oqilona va foydali yo‘nalishda qo‘llash lozim.
Ergashjon Mamatov,
Kattaqo‘rg‘on xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri.