Tomorqada yetishtiriladigan eng daromadli o‘simlik qaysi?
Yerdan ko‘proq foyda olishda eng daromadli ekin qaysi, deb o‘ylaysiz? Kimdir meva, yana kimdir sabzavot yoki boshqa ekinlarni tanlaydi va bu ularning tajribasi yoki tasavvuridan kelib chiqiladi.
Mutaxassislar esa yuqori daromadli ekin yoki o‘simlikni gektaridan olinadigan emas, balki metr kvadrat maydondan olinadigan foydasiga qarab daromadliligini aniqlaydilar.
Misol uchun, ayrim qimmatbaho mevali daraxtlar ham bir metr kvadrat maydonda joylashadi, biroq ularning soyasi va ildizi ancha katta maydonni egallaydi. Shu bois, agrar soha mutaxassislari gulchilikni yerdan olinadigan eng samarali o‘simlik, deb hisoblaydilar.
Respublikamizda gulchilik, ko‘chatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, aholi o‘rtasida gulchilikni ommalashtirish, bu bo‘yicha importni qisqartirish eksport salohiyatini oshirish borasida katta imkoniyatlar bor. Prezidentimizning 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi va 2023 yil 23 oktyabrdagi “Gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilingan edi. Unda tadbirkorlar, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni ushbu yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish, bandligini ta’minlash va asosiysi daromad topishlariga imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan.
Qishloq xo‘jalik vazirligi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda Germaniya taraqqiyot banki va Biznes va finans konsalting GmbH moliyaviy ko‘magida respublika hududlarida “Zamonaviy texnologiyalar asosida manzarali o‘simliklar va gullar yetishtirish, ushbu yo‘nalishda biznesni tashkil etish” mavzusida ikki kunlik seminarda bu sohadagi imkoniyatlar tushuntirildi.
- Seminarda asosan xotin-qizlar uchun uy sharoitida kichik maydondan unumli foydalangan holda gul yetishtirish orqali yaxshigina daromad topish usullari o‘rgatilmoqda, - deydi O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Ahmadjonova. – Seminarning birinchi kunida manzarali o‘simliklar yetishtirish asoslari o‘rgatilsa, ikkinchi kuni, ya’ni ertaga gulchilik borasidagi agrobiznesni tashkil qilish, biznes-reja tuzish, kreditlarni moliyalashtirish yo‘llari o‘rgatiladi. Masalan, hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, bir kvadrat metr joyda 450-500 tagacha mavsumiy gul ko‘chati tayyorlash mumkin. Gul ko‘chatining eng arzoni o‘rtacha 2000 so‘mdan hisoblaganimizda ham bir million so‘m daromad olinadi. Xonadonlarimizda ikki sotixli maydonda bu ishni yo‘lga qo‘yib ham yaxshigina daromad olish topsa bo‘ladi. Buning uchun katta va zamonaviy issiqxona qurish shart emas, faqat himoyalangan ixcham issiqxonalarda ham tashkil etish mumkin. Bu ishni asosiy daromad yoki qo‘shimcha ish sifatida ham yetishtirsa bo‘ladi. Endi bir o‘ylab ko‘ring: yiliga respublikamizga xorijdan qancha gul import qilinadi? Bunday gullarni bozorlarda sotish mumkin yoki yo‘l bo‘ylariga ekish uchun ham gul ko‘chatlari yetishmaydi. Demak, sotish borasida muammo yo‘q.
Bugungi seminarda Toyloq, Past Darg‘om, Samarqand va boshqa tumanlardan kelgan ayollar tomorqada mavsumiy, kesma gul, xona gullar yetishtirish bo‘yicha o‘qitildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.