Oyjonda kam xarajat qilib, ko‘p daromad olayotgan gulchilar oilasi yashaydi
Tomorqaning 4 sotix maydonida atirgul ko‘chatlarini yetishtirib, bir mavsumda 50 million so‘m daromad topsa bo‘ladimi? Bo‘lar ekan. Buni Kattaqo‘rg‘on tumani Oyjon mahallasida yashovchi bobodehqonlar isbotlagan.
Bugungi kunda bobolarning ishini farzand va nabiralar, asosiysi, kelinlar davom ettiryapti.
- Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimda qaynotam va qaynonam tomorqada atirgul ko‘chatlarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanardi, - deydi Muattar Tolliyeva. – Bugun ular keksayib qoldi. Ishini o‘zim davom ettiryapman. Farzandlarim tarbiyasi, ro‘zg‘or ishlaridan ortib, shu tomorqada ishlayman. Ko‘chatlarni ko‘paytirish ko‘p mehnat talab qilmaydi. Qalamchalar yerga qadaladi, 8-10 kunda bir sug‘oriladi. Vaqti-vaqti bilan chopiq qilinadi. Daromadi esa yaxshi. Masalan, 4 sotix yerda 6 ming tup ko‘chat yetishtirib, donasini 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha sotsak, bu o‘rtacha 50 million so‘m daromad degani. Shuningdek, 2 sotix yerda lola yetishtiryapman. Uning ham piyozi, ham guli sotilib, ro‘zg‘orga qo‘shimcha yordam bo‘lyapti.
Muattar Tolliyeva kabi tomorqada mehnat qiladigan oyjonlik kelinlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Mahallada 553 ta xonadon bor. Ularga tegishli tomorqa maydoni 121 gektar bo‘lib, har bir qarich yerdan unumli foydalaniladi.
- 100 dan ortiq xonadon egalari tomorqasida issiqxona barpo etgan, - deydi mahalla raisi Shokir Odilov. – Ularda asosan pomidor va bodring yetishtiriladi. Shuningdek, tomorqalarning aksariyat qismida to‘qsonbosti ekinlar, ismaloq, piyoz va sarimsoqpiyoz kabi mahsulotlar parvarishlanadi. Bugungi kunda 50 dan ortiq tomorqa egalari atirgul ko‘chatlarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanyapti. Bunga xarajat kam sarflanadi, daromadi esa mo‘maygina. Bu ishni mahallamizda Jamol bobo Orolov boshlab berdi. Bugungi kunda ko‘chatchilikni uning farzandlari, qo‘ni-qo‘shnilari ham o‘rganib, gulchilikni mahallamizning “drayver”iga aylantirmoqda. Shuningdek, aholining aksariyati tomorqasining bir chekkasida asalari boqadi. Bu ham ro‘zg‘orlarga qo‘shimcha daromad keltiryapti.
Mahallada atirgulning 10 ga yaqin turidan ko‘chatlar yetishtirilar ekan. Xaridorlar ham talaygina. Ko‘chatlar nafaqat Kattaqo‘rg‘on tumani bozorlariga chiqariladi, balki qo‘shni tumanlardan, qolaversa, paxtachilik va qo‘shrabotlik mijozlardan ham joyidan xarid qilib ketish uchun buyurtmalar tushgan.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev,
E’zoza Meyliyeva.