“Biz ana shunday do‘stmiz”

Qiyomatli ikki do‘st bor edi. Ularning biri mug‘ombir, epchil va harakatchan; ikkinchisi esa sodda, halol va xotirjam edi...
Bir kuni mug‘ombir do‘st sodda do‘stining yoniga borib, ishlarining yurishmay qolganini aytdi-da, undan yordamga pul so‘radi. Samimiy do‘sti unga qancha puli bo‘lsa hammasini berdi.
U ishlarini yo‘lga tushirib oldi, oradan bir qancha vaqt o‘tib yana do‘stining oldiga kelib u unashtirilgan qizni juda ham yoqtirishini aytdi va do‘stligining hurmatini o‘rtaga qo‘yib o‘sha qizdan voz kechishini iltimos qildi. Samimiy do‘st bu gaplarni eshitib hayratga tushdi. Ammo qizdan kechmasa, do‘stlikning shartini bajara olmagandek bo‘ldi-da, uning aytganini qilib unashtirilgan qizidan voz kechdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, samimiy do‘stning ishlari teskari ketdi. U qiynalgan vaqtlarda yaxshilik qilgan edim, albatta, u ham menga yordam qiladi, degan ishonch bilan do‘stining yoniga borib, undan ishga olishini iltimos qildi. Ammo u ishga olmadi. Samimiy do‘st ish so‘rab kelganiga pushaymon bo‘lib ortga qaytdi, ammo do‘stiga jahl qilib, zahrini sochmadi.
Bir kuni ko‘chada aylanib yurganda kasalmand bir qariyani uchratib qoldi. Qariya faqir bo‘lgani bois dorixonadan kerakli dorilarni ola olmaganini aytdi. Uning qariyaga rahmi keldi, u bilan birga dorixonaga borib, unga kerakli dorilarni olib uyiga kuzatib bordi va dam olish uchun o‘tirib biroz suhbatlashdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha qariyaning vafot etganini eshitdi. Ayon bo‘lishicha, qariya juda ham boy odam bo‘lgan ekan va butun merosini unga xatlab qoldiribdi. Sodda do‘st endi boy bo‘lib qoldi. Do‘stiga bo‘lgan ginasi yuzidan uning ishxonasiga yaqin joydan uy sotib olib, o‘sha uyda yashay boshladi. U ishlarining zo‘r bo‘lib ketganini, tavallo qilib borganida uni ishga olmagan do‘stining har kuni ko‘rib turishini istar edi.
Bir kuni eshigini bir tilanchi ayol taqillatdi. Keksa ayol, juda ham och va behol edi, undan biror yegulik berishini iltimos qildi. Samimiy do‘st darhol ayolni uyga olib kirib qornini tuydirdi. Uning kimsasiz ekanini eshitgandan so‘ng "Men ham yolg‘izman, ikkalamiz ona-bola bo‘lib birga yashayveramiz, siz uyning ishlarini qilasiz, ovqat pishirasiz", dedi. Ayol hech ikkilanmasdan rozi bo‘ldi.
Bir necha oy shunday yashaganlaridan keyin ayol unga yaxshi qiz topib uylanishi lozimligini aytdi. Samimiy do‘st bunday qizni qanday topishini, tanishlari yo‘qligini aytdi. Keksa ayol ajoyib bir qiz borligini, istasa ularni uchrashtirishi mumkinligini so‘zladi. Yigit qiz bilan uchrashgandan so‘ng unga darhol ko‘ngil qo‘ydi va uylanishga qaror qildi. To‘y taraddudi boshlanib ketdi, taklifnomalar tayyorlandi. Ranjib yurgan bo‘lsa-da, do‘stini sira ham unuta olmayotgan edi, unga ham taklifnoma yubordi. To‘y kuni ham yetib kelib shodiyona boshlandi. Mehmonlar o‘yin-kulgi qilayotgan chog‘da kuyov qo‘liga mikrofonni olib gap boshlab qoldi:
– Ilgariroq juda ham yaxshi ko‘rgan bir do‘stim bor edi. Ishlari yurishmay qolib mendan qarz so‘radi. Qo‘limda qancha pulim bo‘lsa hammasini berdim. Unashtirilgan qizimni yoqtirib qolganini aytdi, do‘stligimizning hurmati deya qizdan ham voz kechdim. Ammo o‘sha choqda ichim qonga to‘ldi, ko‘zlarimni yashirib yig‘ladim. Ammo unga aslo sezdirmadim. Chunki do‘stlikning sharti shunday bo‘ladi, deb tushundim, Mening baxtimni olgani uchun xijolat bo‘lmasin dedim. Vaqti kelib mening ishlarim teskari ketganda ish so‘rab uning fabrikasiga bordim. U menga ish bermadi. juda ham xafa bo‘ldim. Ammo do‘stimga jahl qilmadim, Negaki, biz haqiqiy do‘st edik.
Bu ta’nalarni eshitgan epchil do‘st chiday olmasdan yugurib sahnaga chiqdi, do‘stining qo‘lidan mikrofonni olib bunday dedi:
– Mening ham bir zamonlar juda yaxshi ko‘radigan bir do‘stim bor edi. Ishlarim yurishmay qolib undan qarz so‘radim. Hamma pulini menga berdi. So‘ngra undan unashtirilgan qizini so‘radim. malollanibroq unashtirilgan qizidan ham kechdi. U qizdan voz kechishini so‘raganimning sababi u do‘stimga loyiq emas edi, satang ayol edi. O‘zi nihoyatda pok tiynatli bo‘lgani bois do‘stimni ana shu satangning tuzog‘iga tushishdan ana shu yo‘sinda himoya qildim. Ishlari yurishmay qolganda kelib mendan ish so‘radi. Ammo bu mumkin emas edi – do‘stimni amrimning ostida ishlata olmas edim.
Shuning uchun unga ish bermadim. Kunlarning birida uchratib qolgani keksa chol mening otam edi, otamning dardi og‘ir edi, o‘limi yaqinlashib qolgan edi. Uni do‘stimning yoniga men yubordim, merosini unga men qoldirtirdim. uyiga kelgan tilanchi ayol esa mening onam edi, Do‘stim uyida yolg‘iz qiynalib qolmasin, issiq-sovug‘idan xabar olib tursin deb onamni jo‘natdim va hozir u uylanayotgan qiz mening singlim. Uning singlimga uylanishini men uyushtirdim. Biz ana shunday do‘stmiz.
Turkchadan Damin JUMAQUL tarjimasi.