Poyezdga tosh otgan bolalarning ota-onasiga chora ko‘rildi

Shu yilning 6 sentyabr kuni soat 17.55 atrofida "Maroqand – Juma" temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 3743-kilometrida 4 nafar voyaga yetmagan bola “Toshkent – Qo‘ng‘irot” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi poyezdiga tosh otgani aniqlandi.

Surishtiruv ishlari natijasida bu bolalar Past Darg‘om tumani To‘qboy mahallasida yashashi ma’lum bo‘ldi va ularning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi birinchi qismi bilan jarima jazosi qo‘llanildi.
Mazkur holat mahalla va bolalar ta’lim oladigan maktabda muhokama qilinib, temiryo‘l bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ota-onalar va yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasining "Maroqand" bekatidagi xizmat ko‘rsatish hududi 95,5 kilometrni tashkil etib, temiryo‘l atrofidagi mahallalar, ta’lim muassasalarida muntazam profilaktik tadbirlar o‘tkazib boriladi. Shunga qaramay yuqoridagi singari holatlarning yuzaga kelishi oqibatida aholiga tegishli tartibda javobgarlik choralari qo‘llanilmoqda.

U.Aslonov,
viloyat transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi inspektori.