Gulchining siri yoki kichik tomorqadan 250 million so‘mlik daromad

Paxtachi tumanida tomorqasidan yaxshigina daromad olayotgan oilalar ko‘p. Tumanning Hunarmandlar mahallasida yashovchi Boboqul Norbo‘tayev shunday omilkorlardan biri.

Uning 9,5 sotixli 2 ta issiqxonasida asosan tuvak va dala sharoitida o‘stiriladigan gul yetishtirilmoqda. Bir-biridan chiroyli, turfa xil gul ko‘chatlari o‘stirilayotgan 4,5 sotixli oynavand dala ostidagi birinchi issiqxonaga kirgan kishi o‘zini go‘yo istirohat bog‘i yoki afsonaviy gulzorlar orasiga tushib qolgandek his qiladi. Bu yerda o‘stirilayotgan giran, hamisha bahor, viola, aloe, bananza, Xitoy jannat gullari, katarantus, pitunya, salviya ko‘chatlari kishiga o‘zgacha kayfiyat ulashadi.

Bugungi kunda termostat usulida tiklangan issiqxonada yetishtirilayotgan qariyb 30 navga yaqin 40 ming tupdan ziyod gul ko‘chatlari nafaqat tuman markazi va mavjud xiyobon, balki Samarqand shahridagi istirohat bog‘lari va markaziy ko‘chalar atroflariga ekilmoqda. Boboqul akaning oila a’zolari tomorqa yerlarida yetishtirilayotgan gul ko‘chatlari orqasidan yiliga 200-250 million so‘m daromad ko‘rmoqda.

U gul ko‘chatlari yetishtirishdagi tajribalarini oshirish, ilg‘or ish uslublarini o‘rganish maqsadida bir necha marta Toshkent, Namangan shaharlarida o‘tkazilgan “Gullar sayli” da ishtirok etib qaytdi. Gulchilik bilimdonlari tomonidan berilgan tavsiya, maslahatlarni olib kam bo‘lmadi. Nozik kasb sir-asrorlarini hamqishloqlari bilan baham ko‘rib, ularni ham gulchilik sohasiga qiziqtirdi. Mehnatlari evaziga “Ilg‘or tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Darvoqe, tuman o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi fitosanitar nazorat davlat inspektorlari reja asosida tomorqa yerlarida bo‘lib, zararkunanda hasharotlarni aniqlash, unga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni belgilayotgani ham samarasini ko‘rsatmoqda. Ular doim tomorqachilar bilan hamfikr faoliyat yuritmoqda.

Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati.