Bunyodkor kambag‘allikdan xoli hududga aylanmoqda
Toyloq tumanidagi Bunyodkor mahallasining hokim yordamchisi Eldor Murodov ta’kidlashicha, yil boshida hududda kambag‘allik darajasi 3,8 foizni tashkil etgan. Bugungi kunda «Mahalla yettiligi»ning bosh maqsadi — yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni nolga tushirib, Bunyodkorni to‘liq kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishdan iborat.
Bu maqsadga erishishda esa hududning ichki imkoniyatlari va drayver sohalaridan unumli foydalanilmoqda. Mahalladagi asosiy yo‘nalishlardan biri — gulchilikdir. Ayni paytda mahalladagi 20 ta xonadonda gul ko‘chatlari yetishtirilayotgan bo‘lsa, yil yakunigacha bunday xonadonlar sonini 40 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Mahalladoshlariga o‘rnak bo‘lib, gulchilik sirlarini yoshlarga ham o‘rgatib kelayotgan tajribali dehqonlardan biri — Olim Davronovdir. Uning bosib o‘tgan yo‘li tomorqadan qanday qilib katta daromad olish mumkinligiga yaqqol misol bo‘la oladi.
– Ishni dastlab 3 sotixli issiqxonada ko‘kat yetishtirishdan boshlaganman, – deya hikoya qiladi Olim Davronov. – Keyinchalik sekin-asta gul ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydim. Ko‘rgan foydam evaziga yana 12 sotixlik issiqxona qurdim. Hozir yil bo‘yi, har bir mavsumga mos gul ko‘chatlari yetishtiramiz. Bir mavsumning o‘zida 150 ming tup ko‘chat tayyor bo‘ladi. Mehnat orqasidan uylar quryapmiz, to‘ylar qilyapmiz, mashina sotib oldik. Yillik sof daromadimiz o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi.
«Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik», deganlaridek, Bunyodkor mahallasi ahli yerdan unumli foydalanib, o‘z hayotini o‘zi o‘zgartirmoqda. Xalq bilan yelkama-yelka turib ishlayotgan mahalla faollari va Olim Davronov kabi fidoyi dehqonlar bor ekan, mahalla tez orada nafaqat kambag‘allikdan xoli, balki tumanning eng obod va to‘kin go‘shalaridan biriga aylanishi shubhasiz.
Farangiz Ergasheva,
Farangiz Shamsiyeva,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).