Dunyo mamlakatlaridagi g‘alati qonunlar

Insoniyat jamiyat sifatida shakllangandan beri dunyoning turli mamlakatlarida odamiylik tamoyillariga asoslangan qonunlar amal qilib kelmoqda. Biroq ayrim yurtlarda shunday g‘alati va g‘ayrioddiy qonunlar ham borki, eshitib, ishonging kelmaydi.

Masalan, Saudiya Arabistonida xotin-qizlar vrachlik kasbini egallashi mumkin emas. Shu bilan birga, bemor ayollarni erkak vrachlar ham tekshirishi yoki davolashi taqiqlangan. Natijada, bechora ayollar ba’zan kasallikka chalinganida o‘limni kutishdan boshqa chora topa olmaydilar. Bu kabi qonunlar ilgari qabul qilingan bo‘lsa-da, hozirgacha qat’iy amal qilib kelmoqda.

Yana bir qiziq qonun Amerikaning Kaliforniya shtatidagi Blayt shahrida joriy etilgan. Bu yerda kovboy etigini faqat kamida ikki bosh qoramolga ega bo‘lgan odamlargina kiyishi mumkin. Agar kovboy etigini kiyib yurganingizni politsiya tekshirib qolsa, mahalliy hokimiyatdan ikki bosh chorva molingiz borligi haqida rasmiy ma’lumotni ko‘rsatishingiz shart.

Nyu-York va Kentukki shtatlarida esa yana bir g‘alati, hatto shafqatsiz qonun mavjud. Agar kimdir ichkilik ta’sirida jinoyat sodir etsa va u oldindan bunday niyatda bo‘lmasa, sud jazoni yengillashtiradi. Masalan, bir fuqaro jamoat joyida ichkilik ta’sirida odamlarga o‘q uzgan. Sudda uning bu holati “alkogolizmga chalingan bemor” sifatida baholanib, jazodan ozod etilgan.

Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida esa to‘yguncha aroq ichish mumkin, ammo trotuarda o‘tirib chelakda pivo ichsangiz, jazolanasiz.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.