Qizil Yarim Oy jamiyati ko‘ngilsiz vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha korxona-tashkilotlarda seminar-trening o‘tkazdi
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan jamiyatning viloyat tashkiloti bilan hamkorlik qilib kelayotgan davlat idoralari, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga ish joyida, ko‘chada va xonadonda yuzaga kelgan ko‘ngilsizlik oqibatida inson jarohatlanganda, shikastlanganda unga birinchi yordam qay holatda ko‘rsatilishi, sarosimaga tushmagan holda qanday harakat qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ayniqsa, ishtirokchilarda inson qo‘liga shisha bo‘lagi kirganda (albatta grim qilgan holatda) qanday harakatlarni bajarish kerakligi jonli misollar bilan ko‘rsatgani katta taassurot qoldirdi. Mashg‘ulotlarni jamiyatning viloyat tashkiloti raisi M.Aripova, tashkilotning ijrochi direktori, soha faxriysi Haydar Xolov, tashkilotning mutaxassisi D.Aliyeva olib bordi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tarixi hamda uning asosiy maqsad vazifalari ham aytib o‘tildi.
- Bu kabi seminarlarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad, insonlarda birinchi yordam ko‘rsatishga bo‘lgan ko‘nikmasini shakllantirishdan iborat, - deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyatining tibbiy ijtimoiy bo‘limi boshlig‘i, “Birinchi yordam” dasturi koordinatori Sanjar Umarov. - Eng muhimi, Samarqandda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar shijoati bizni quvontirdi, jarayonlarda bevosita o‘zlari qatnashdi va buni amalda qo‘llab ko‘rdi. Bu bilan ularda birinchi yordam ko‘rsatishga ko‘nikma hosil bo‘ldi. Hatto ishtirokchilar kelgusida bizning tashkilotda volontyorlik qilish istagi borligini bildirdi. Biz ko‘zlagan maqsad ham aynan shu edi.
Yakunda tashkilot tomonidan ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari berildi.