Seminar ziyorat bilan boshlandi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining joriy – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish, belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminari o‘tkazilmoqda.
Unda ijodiy uyushmaning kengash a’zolari, hududiy bo‘limlari rahbar va xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir ko‘hna shahar tuprog‘ida mangu qo‘nim topgan ulg‘ular ziyoratidan boshlandi. Dastlab ishtirokchilar Amir Temur maqbarasiga tashrif buyurib, temuriylar qabrini ziyorat qildi. Sohibqiron tomonidan amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari yod etildi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, joriy yilda buyuk jahongir tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan, mustaqil O‘zbekistonning jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida munosib xizmat qilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov yashagan xonadon va mangu qo‘nim topgan Xazrati Xizr maqbara-majmuasini ziyorat qilishdi.
Tadbir qatnashchilari sayohat davomida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan ulkan qurilish bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida ham bo‘ldilar.
Asosiy tadbirlar 18 fevral kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.