Halokat bo‘lishini kutish shart emas
8 may – Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatiga asos solingan kun.
Ayni kunlarda jahon hamjamiyati Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatining 161 yilligini nishonlamoqda. Shveysariyalik tadbirkor Anri Dyunanning tashabbusi bilan 1863 yilda tashkil etilgan ushbu jamiyat hozirgi kunda jahonning 196 ta mamlakatida Qizil Xoch yoki Qizil Yarim oy timsollari ostida faoliyat olib bormoqda.
- O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati 1925 yilda tashkil etilgan va Xalqaro Qizil Xoch, Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasining teng huquqli a’zosi hisoblanadi, - deydi O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkilotining ijrochi direktori Haydar Xolov. - Jamiyat o‘z ustaviga asosan aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash va birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatish, o‘z qaramog‘idagi fuqarolar va moddiy yordamga muhtoj kishilarga ijtimoiy-moddiy yordam berish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xalqaro insonparvarlik huquqlarini targ‘ib etish va favqulodda holatlar oqibatida yaqinlaridan ajralgan oilalarni birlashtirish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda.
Jamiyatning Samarqand viloyat tashkiloti tomonidan ham ushbu yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lish ehtimoli yuqori 62 mahalla va ular hududidagi maktablarda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish guruhlari tashkil etildi. Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy, Sayqal, Istiqbol, Mir Said Baraka, Sayqal, Hofiz Sheroziy nomli mahallalarda, Bulung‘ur tumanidagi Amir Temur nomli, Istiqlol, Lalmikor, Olmazor, G‘o‘bdin mahallalarida, Toyloq tumanidagi Gulobod mahallasida, Urgut tumanining Kenagas, Chorchinor mahallalarida va boshqa joylarda ariqlar tozalanib, suv yo‘llari ochib berildi. Sel natijasida to‘planib qoladigan suv xonadonlarni bosib ketmasligi uchun monolit devor barpo qilindi, lotoklar o‘rnatildi va quvurlar yotqizildi, suv yig‘ish quduqlari kovlandi. Bulung‘ur tumanining Lalmikor, Kattaqo‘rg‘on tumanining Javlon, Urgut tumanining Kenagas mahallalarida artezian quduqlar kovlanib, aholi uchun ichimlik va ekinlarni sug‘orish uchun suv chiqarib berildi.
Tabiiy ofatlarning oldini olish va talafotlarni kamaytirish maqsadida joylarda 1100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Jamiyatning viloyat tashkiloti qoshida favqulodda vaziyatlarda mahalliy darajada qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lgan 162 nafar volontyor ko‘ngillilar tayyorlandi. Shuningdek, 3350 kishi favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatildi.
«Mehr-shafqat xizmati» guruhi qaramog‘iga olingan va moddiy yordam so‘rab kelgan 2204 kishiga 839 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari, oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik buyumlari tarqatildi.
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati faxriylari, faollari, ko‘ngillilari, ko‘p sonli a’zolari va jamiyatni qo‘llab-quvvatlab turgan homiylarni Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatining 161 yilligi bilan tariklaymiz!