Qizil yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkiloti ehtiyojmand kishilarga 378 million so‘mlik mehr-shafqat yordami ko‘rsatdi
O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkiloti tomonidan 2015-2019 yillarda ehtiyojmand kishilarga 378 million so‘mlik mehr-shafqat yordami, nogironlar va ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarga 12 million so‘mlik tibbiy reabilitatsiya vositalari, 38,7 million so‘mlik dori-darmon berildi.
Bu haqda tashkilotning besh yilga mo‘ljallangan o‘ttiz birinchi hisobot-saylov konferensiyasida aytildi.
Konferensiyada viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati raisi H.Karimov va boshqalar tashkilotning tibbiy-gumanitar harakatlari haqida qayd etar ekan, Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkilotining hududda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy dasturlar, loyihalardagi faol ishtirokini ijobiy baholadi.
Shuningdek, konferensiyada tashkilotning xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, favqulodda vaziyatlarda aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beg‘araz ko‘mak berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sohaga oid xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borgan faoliyati va targ‘ibot-tashviqot ishlari tahlil qilindi. Bu boradagi yutuq va kamchiliklar haqida so‘z yuritildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkilotiga rais etib shu paytgacha ushbu tashkilot raisi bo‘lib ishlab kelayotgan M.Aripova qayta saylandi.
Akram BO‘RIYeV.