Bugun O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati tashkil etilgan kun
Jamiyat 1925 yil 14 noyabrda tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlarga tayyorlanish, ofatlarda jabrlanganlarga va muhtoj kishilar hamda ko‘p bolalik kam ta’minlangan oilalarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, aholini birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga o‘qitish.
Shuningdek, jamiyat g‘amxo‘rligidagilarga va aholining boshqa zaif tabaqalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, yoshlar harakatini rivojlantirish va jamiyat ishlarida qatnashishga yoshlar (volonterlar)ni jalb etish, Xalqaro Insonparvarlik Huquqlari (Jeneva Konvensiyalari)ni targ‘ib etish va qidiruv xizmatidan iboratdir. Tashkil etilgan paytidan boshlab hozirgi kungacha davlat organlariga ijtimoiy muammolarni hal etishda ko‘maklashib kelmoqda.
Tashkil etilishining dastlabki yillarida yuqumli kasalliklar bilan kurashish, och qolgan qatlam vakillari va bolalarni ovqat bilan ta’minlash, sanitar-gigiyenik ahvolni yaxshilash, sartaroshxonalar va tish davolash muassasalarini, birinchi sanitar aviatsiyasi tashkil etish kabi faoliyatni amalga oshirgan. 1941-1945 yillarda Qizil Yarim oy jamiyati front uchun tibbiyot xodimlarini va sanitar drujinalarini tayyorlab bergan. Armaniston (Spitak), Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Eron kabi mamlakatlarda sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishlari, ko‘chki, suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlarda ushbu davlatlarga salmoqli miqdorda insonparvarlik yordamlarini jo‘natgan.
Shu yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan halokatli zilziladan zarar ko‘rgan aholi uchun yig‘iladigan karavotlar, chodirlar, oshxona jihozlari, ko‘rpa-to‘shak, oilaviy gigiyena to‘plamlarini yubordi.
Jamiyatning Samarqand viloyat tashkiloti tomonidan Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi ko‘magida viloyatning o‘nlab mahallalarida aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishning oldini olish va ehtimolini kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar qilindi. Bu borada suv qochirish lotoklari o‘rnatildi, quduqlar kovlandi, artezian suvlari chiqarib berildi, soy va ariqlar ustida ko‘priklar barpo etildi, jarliklar atroflariga himoya to‘siqlari o‘rnatildi, qirg‘oqlar mustahkamlandi.
Jamiyatning viloyat tashkiloti qoshida favqulodda vaziyatlarda mahalliy darajada qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lgan volontyorlar guruhi tayyorlandi.
Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi ko‘magi hamda o‘z mablag‘lari hisobiga koronavirus pandemiyasi munosabati bilan e’lon qilingan karantin davrida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga yirik miqdorda oziq-ovqatlar, sanitar-gigiyenik vositalar, pul mablag‘lari, shifoxonalarga zamonaviy karavotlar bilan yordam ko‘rsatildi.
Viloyat tashkiloti qoshida keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni parvarishlovchi xodimlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Aholini favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha malakali mutaxassis xodimlar tomonidan mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda.