Yurtimiz me’morlari Samarqandda jam bo‘ldi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida birinchi marta “O‘zbekistonda restavratsiya san’atini qayta tiklash: madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashning dolzarb masalalari” mavzusida respublikamizning barcha hududidan kelgan restavratorlar uchun ikki kunlik ham oflayn, ham onlayn seminar-trening tashkil etildi.
Seminarni onlayn tarzda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri A.Abduhakimov ochib berdi.
- Biz ushbu seminarni o‘tkazish orqali sohadagi kelgusi 10 yillikka mo‘ljallangan aniq maqsad va vazifalarni belgilab olishni rejalashtirganmiz, - A.Abduhakimov. - O‘ylaymanki, tashkil etilgan bu tadbir sohadagi yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish barobarida barcha viloyatlardan kelgan mutaxassislarni o‘zaro tajriba almashishi uchun katta maktab bo‘ladi. Qolaversa, birgalashib yurtimizdagi boy madaniy merosimiz bo‘lgan tarixiy ob’yektlar, ziyoratgohlarni asl holicha saqlash va asrash borasida joylarda yanada targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishimiz kerak.
Tadbirda O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilg‘or tajribalarini samarali qo‘llash choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Sohada mutaxassislar yetishmasligi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni ta’mirlash, tiklash ishlari madaniy merosning qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilayotgani, "Me’morchilik san’ati durdonalarini restavratsiya qilaman, ta’mirlayman", deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham uchrayotgani to‘g‘risida tanqidiy fikr bildirildi.
- Madaniy meros ob’yektlari, tarixiy obidalar faqatgina turizm ob’yekti emas, birinchi navbatda bu xalqimizning boyligi hisoblanadi, - deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bo‘lim mudiri, arxitektura fanlari doktori, professor Mavluda Yusupova. - Ularni asrash bugungi kunning dolzarb muammosi hisoblanmoqda. Shuning uchun bu kabi seminarlarni, uchrashuvlarni tashkil etyapmiz. Afsuski, joylarda noqonuniy ta’mirlashlar, "Buzib, yangisiga aylantiramiz", deb tarixiy binolarga ziyon yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Tadbirda A.Abduhakimov kelgusida O‘rta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etish taklifini bildirdi va uni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.
Anjuman davomida ishtirokchilar Samarqand tumanidagi "Konigil" turizm qishlog‘i, "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi, Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va Bibixonim masjidi kabi madaniy meros ob’yektlarida bo‘ladi.
Husan Eltoyev.