2-sektor rahbar va kotiblari Samarqand tumanida sektorlar faoliyatini o‘rgandi
Samarqand viloyatidagi 16 ta tuman va shaharlar 2-sektor rahbarlari va kotiblari hamda tegishli boshqarmalar mas’ul rahbarlari Samarqand tumani 2-sektor hududida sektorlar faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga qaratilgan seminarda ishtirok etdi.
Dastlab tumanda yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” va uning ijrosini o‘rgandi.
Tuman prokurori, 2-sektor rahbari U.Muhammadiyev mahallalarda amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtaldi.
- Tumanda 21 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bor, - deydi U.Muhammadiyev. – Ularda 86 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Yil boshida tumanda ehtiyojmand 852 ta oila “Temir daftar”ga, 443 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Shundan 740 ta oila va 432 nafar yoshlar "daftar"lardan chiqarildi. Shuningdek, uyushmagan ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha korxona va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan memorandumlar tuzilib, 500 nafarga yaqin yoshlar ishga joylashtirildi.
Seminar davomida mas’ullar tumandagi kasb-hunar maktabida tashkil etilgan “Kasblar festivali”da qatnashib, 9-sinf bitiruvchilari bilan suhbatlashdi. Shundan keyin “Diyor” mahallasidagi nodavlat “Smart Ta’lim” o‘quv markazida yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.
Shuningdek, tumanning “Jo‘yi Abbos” mahallasi “Parrandachilik kooperatsiyasi”, “Ko‘chatchilik kooperatsiyasi” hamda “Pulimug‘ob” mahallasidagi “Vermont Lyuks” MChJ tomonidan tashkil etilgan “Chorvachilik kooperatsiyasi” faoliyati o‘rganildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar Samarqand turizm markazi hamda "Konigil" turizm qishlog‘i faoliyati bilan tanishdilar.