Ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida joriy yilning 1 noyabridan 1 dekabriga qadar korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi e’lon qilingan.

Ushbu oylik doirasida hududlarda “Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish, korrupsiyaga qarshi profilaktika chora-tadbirlarini tashkil etish” mavzusida ochiq muloqot hamda seminarlar tashkil etilmoqda.

Mazkur muloqotlarning navbatdagisi Samarqand viloyatida ZOOM platformasi orqali tashkil etilib, unda vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy-nazorat xizmati xodimi G‘ofirjon Sodiqov hamda boshqarma boshlig‘i Shahzod Eshonqulov tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga kiruvchi barcha muassasalarda korrupsion holatlarning oldini olish, davlat haridlarida ochiqlikni ta’minlash, “manfaatlar to‘qnashuvi”ning salbiy oqibatlaridan tizim vakillarini ogoh etish va ta’lim xodimlarini “halollik vaksinasi” bilan emlash kabi bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Muloqot davomida vazirlik vakili G‘.Sodiqov korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki lokal hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirdi. Tadbirda korrupsiya haqida xabar berishga mo‘ljallangan vazirlik va tizim tashkilotlari aloqa kanallari keng targ‘ib qilindi va bu haqda tayyorlangan targ‘ibot materiallari, taqdimotlar xodimlarga mustaqil o‘qib o‘rganish uchun yetkazildi.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirguniga qadar unda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalar o‘rganilib, xodimlarga uslubiy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, har bir xodim bilan yakka tartibda profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, xodimlarda “halollik vaksinasi” immunitetini shakllantirish uchun ularni huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari, unga imkon berayotgan holatlar to‘g‘risida hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik mavjudligi haqida rasman ogohlantirildi.

Ochiq muloqotda viloyat prokuraturasi mas’ul xodimi D.Rahimberdiyev hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakili J.Nuraliyev ishtirok etib, ular tomonidan ta’lim sohasini shaffof va korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish yo‘lida hamkorlikni yanada yaxshilash zarurligi bildirildi.

Muloqot davomida ishtirokchilarga korrupsion harakatlarning ayanchli yakunlariga bag‘ishlangan maxsus videoroliklar namoyish etilib, har bir ta’lim muassasa rahbari bilim dargohlarida halollik va shaffoflikni ta’minlash uchun mas’ul ekanligi ta’kidlandi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.