O‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarni rasmiylashtirish uchun “E’tirof” tizimi joriy qilinadi
Fuqarolarga qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarida barpo etilgan, shu jumladan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va inshootlarni rasmiylashtirish hamda tizimli hisobga olish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qaror loyihasiga muvofiq:
- qonun doirasida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan barcha turdagi ko‘chmas mulklar xatlovdan o‘tkaziladi, buning uchun yer uchastkasi egalaridan ariza talab etilmaydi;
- ajratilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritiladi;
- Kadastr agentligi tomonidan foydalanishga ruxsat berilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
- xatlov jarayonida o‘zboshimchalik bilan qilingan qurilish aniqlansa, fuqarolarga uy va inshootlarni qanday tartibda rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, xatlovdan so‘ng uch oy muddat ichida qurilish uchun ajratilgan yerdagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar rasmiylashtirilmasa, bu haqdagi ma’lumotlar Kadastr agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan esa sohadagi nazorat inspeksiyasiga yuboriladi.