O‘zboshimcha egallangan mulkni e’tirof etish: Jarayon qanday kechyapti?

2024 yil 8 noyabrdan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Ushbu qonun ijrosi bo‘yicha viloyat kadastr idoralari tomonidan dastlabki xatlov natijalariga ko‘ra Samarqandda 400 mingdan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga nisbatan huquqlari e’tirof etilmaganligi aniqlandi.
Viloyat matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ning birinchi o‘rinbosari mazkur jarayon va huquqni e’tirof etish va dastlabki natijalar haqida ma’ulumot berdi.
- O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyat kadastr idoralari xatlov jarayonlarini to‘g‘ri tashkil qilmaganligi kadastr agentligi tomonidan qo‘yilgan har bir xodimga xatlov qilish rejalarini bajarmaganligi oqibatida 2024 yilda 47 ta mahalla hamda 2025 yilning 31 martigacha 75 ta mahallada xatlov ishlari olib borilishi belgilangan, - deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozod Shodiqulov. – Ammo 2025 yilning 31 mart holatiga reja-jadvalda belgilangan 122 ta mahalladan atiga 47 tasi (38 foiz)da xatlov ishlari amalga oshirilgan. Masalan, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur tumanlarida 10 tadan, Payariqda 6, Kattaqo‘rg‘on shahrida 2, Toyloq va Narpay tumanlarida 1 tadan fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga nisbatan ijobiy xulosa berilib, xalq deputatlari viloyatlar Kengashining sessiyasida muhokama qilish uchun tayyor holatga keltirilgan. Biroq Samarqand shahrida xatlov ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda tashkil qilinganligi sababli Samarqand shahar kadastr bo‘limi tomonidan 2024 yilda 12 ta mahallada hamda 2025 yilning 27 mart kunigacha 27 ta mahallada xatlov ishlari olib borilishi belgilangan. Biroq 2025 yilning bugungacha bo‘lgan holatida reja-jadvalda belgilangan 39 ta mahalladan atiga 2 tasida (5,1 foiz) xatlov ishlari amalga oshirilgan. Bu respublikada eng past ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda. Natijada mazkur kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun va aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan kadastr idoralariga 6 ta ogohnoma va 1 ta taqdimnoma kiritildi.
Ma’lumot uchun, viloyatda 1126 ta mahalla bor va kadastr idoralari tomonidan hozirgacha 6,5 mingdan ortiq kadastr yig‘ma-jildini bazaga kiritish jarayoni boshlangan. Viloyat adliya boshqarmasi 30 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga nisbatan vakolatli bo‘lgan 22 ta tashkilotning xulosasi asosida xalq deputatlari viloyatar Kengashining sessiyasida muhokama qilish uchun tayyor holatga keltirilgan. Buning natijasida 2025 yil 10 aprelda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining 10-sessiyasida viloyatning shahar-tumanlaridagi 30 ta uy-joyga nisbatan mulk va ijara huquqlari e’tirof etildi.
Qonun ijrosini ta’minlashda ma’lumot va hujjatlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilishida 12 ta vakolatli idora tomonidan 300 dan ortiq muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Husan Eltoyev (foto).