Endi kadastr xodimi ham bodikamera bilan ishlaydi
Aholi tomonidan turli davlat idoralariga bo‘layotgan murojaatlarning aksariyati yer munosabatlari va kadastr sohasi bilan bog‘liq. Ularning katta qismi qo‘shnilar o‘rtasidagi yer talashish, uy-joylarning kadastr hujjatlari, noqonuniy yer o‘zlashtirish va chegaralar bo‘yicha bo‘ladi.
Bir murojaatda chekka hududdagi fuqaroning kadastr hujjati bo‘lsa-da, uning yer maydoni qo‘shnilari tomonidan o‘zlashtirilgan.
Hozir texnika va texnologiya ancha rivojlangan davrda shu kabi holatlar yuzaga kelmasligi uchun kadastr hujjatlari shakllantirilayotgan vaqtda faqat qo‘shnilarinigina belgilab qolmasdan, gorizont tomonlari, fuqaroning uy-joy maydonining aniq kordinatasini belgilashning imkoni yo‘qmi?
Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan press-turda shu kabi savollarga javoblar berildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatida viloyatimizda jismoniy va yuridik shaxslar egaligidagi ko‘chmas mulklar soni 899 290 ta bo‘lib, shundan 869 580 tasi jismoniy shaxslar tasarrufidagi ob’yektlar hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 7329 taga, shundan 5948 tasi jismoniy shaxslarga tegishli ob’yektlar hisoblanadi.
- Ko‘chmas mulklarni turlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, yakka tartibdagi turarjoylar soni 736337 ta, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shakarboy Bo‘tayev. – Bu o‘tgan yilga nisbatan yakka tartibdagi uy-joylarning qayta qurilishi yoki butunlay buzilganligi hisobiga 4344 taga kamaygan bo‘lsa, yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulklar 157 taga ko‘paygan. Aholi foydalanuvidagi tomorqa uchastkalari 52413 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 404 taga ko‘paygan. Xonadonlar soni 102371 tani tashkil etgan va o‘tgan yilga nisbatan jismoniy shaxslar bo‘yicha 8216 taga ko‘paygan bo‘lsa, yuridik shaxslarniki, aksincha 1342 taga kamaygan.
O‘tkazilgan xatlov va ma’lumotlarni elektron bazaga kiritishda viloyatimizda 583494 ta davlat ro‘yxatidn o‘tmagan ob’yektga tegishli ma’lumotlar tahlil qilindi. Ya’ni, huquqiy hujjati bo‘lmagan uy-joylar soni 456929 tani, davlat ro‘yxatidan o‘tgani esa 26467 tani tashkil etmoqda. Huquqiy hujjatlari mavjud bo‘lgan 63476 ta ob’yekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, boshqa ob’yektlar (bo‘sh yer, dala hovli yoki barak)lar soni 44502 tani tashkil etmoqda.
Kadastr sohasidagi yana bir muhim jihat yerlarni onlayn auksionga chiqarish bilan bog‘liq. Ushbu masalada sohada tegishli huquqiy hujjatlar asosida viloyat tuman-shaharlaridan 666,5 gektar maydon bo‘yicha 6321 ta bo‘sh yer maydoni savdoga kiritilgan. Shundan 3055 ta yer uchastkasi auksion savdoga chiqarilib, 1532 ta lot sotilgan, yana 1523 ta lot savdoda va 1695 ta yer uchastkasi tashkilotlar tomonidan rad etilgan. Boshqa yer maydonlari turli tashkilotlar bilan kelishuv jarayonida.
Tadbirda kadastr sohasida foydalaniladigan uskunalar, yerlarning sun’iy yo‘ldoshdan suratga olishdagi aniqlik, tizimdagi yangiliklar xususida ham ma’lumot berildi.
- Yuqoridagi savolga keladigan bo‘lsak, texnik jihatdan buning imkoni bor, - deydi kadastr agentligi viloyat boshqarma shu’ba mutaxassisi Xurshid Berdiqulov. – Buning uchun zamonaviy JPS qurilmasidan foydalaniladi. Bu uskuna barcha tuman kadastr bo‘limlariga ham berilgan. Bu uskunaning sohadagi muhimligi inobatga olinib, Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari asosida yana 20 ta JPS qurilmasi xarid qilindi va yaqin kunlarda viloyatimizga keltirilib, foydalanishga kiritiladi. Yana bir muhim jihati, avval kadastr yig‘majildida faqat uy-joyning chegaralari qo‘lda o‘lchanib chizilgan bo‘lsa, hozirda ob’yektning topos’yomkasi ham kadastr yig‘majildiga tikilmoqda.
Tizimdagi yana bir muhim yangiliklardan biri kadastr xodimlari endilikda planshet orqali ish faoliyatini olib boradi va har bir xodimga yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari kabi bodikamera bilan ta’minlanadi. Avval mutaxassis joyni o‘rgangach, ish joyiga qaytib bazadan haqiqiy holatni tekshirishga to‘g‘ri kelardi. Endi esa o‘sha joyni o‘zida yer maydoni chegaralarini tekshirish, kordinatalarni tizimga kiritish va murojaatlarga qisqa fursatda yechim topish imkoniyati yaratildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.