Sifatli kontent va ijobiy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi

Viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Rahmonov yosh jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Muloqotda viloyatda faoliyat yuritayotgan yosh jurnalist va blogerlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yoshlar orasida ijobiy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi zamonaviy media kontentlar yaratish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, hamkorlik doirasida «Global tahdidlarga qarshi ovoz» media loyihasi orqali giyohvandlik, kiberjinoyatchilik, firibgarlik, noqonuniy migratsiya va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan videoroliklar tayyorlash, shuningdek, yoshlar muvaffaqiyati, startaplar, IT, kasb-hunar, kitobxonlik va tadbirkorlikni targ‘ib etuvchi sifatli kontentlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, mahallalarda amalga oshirilayotgan ijobiy tashabbuslar va faol yoshlar haqida videolavhalar tayyorlash, eng yaxshi ijtimoiy ahamiyatga ega kontentlar tanlovini tashkil etish, blogerlar uchun media treninglar, ekspertlar bilan uchrashuvlar hamda press-turlar o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv davomida faol bloger va jurnalistlarni rag‘batlantirish, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik sertifikatlari bilan taqdirlash hamda respublika va viloyat miqyosidagi tadbirlarga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida joriy yilning aprel oyida viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi huzurida tashkil etilgan mobilografiya kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur ochiq muloqot yosh jurnalist va blogerlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan davlat tashkilotlari o‘rtasida ochiq va samarali hamkorlik platformasini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Charos Saidova,
Navro‘zbek Ochilov (foto).