Qog‘ozda «sanoat», aslida «chorvachilik»: ortiqcha hisoblangan 630 million so‘m soliq bekor qilindi
Samarqandda faoliyat yurituvchi “A.S.” MChJ hududidagi ortiqcha hisoblangan yer solig‘ini bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, jamiyat tomonidan foydalanib kelinayotgan 10 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi toifasiga mansub bo‘lsa-da, yer solig‘i 2025 yil uchun 125 million so‘m, 2026 yil uchun esa 575 million so‘m miqdorida, ya’ni sanoat yerlari toifasidan kelib chiqib hisoblab kelingan.
Vakil devoni xodimlarining aralashuvi natijasida jamiyatga tegishli yer uchastkasidan foydalanish turi «ishlab chiqarish»dan «chorvachilik»ka o‘zgartirilib, “UZKAD” axborot tizimiga tegishli tuzatishlar kiritildi.
Natijada soliq organlariga aniqlashtirilgan ma’lumotlar taqdim etilishi ta’minlanib, tadbirkorga ortiqcha hisoblangan 630 million so‘mlik yer solig‘i bekor qilindi va uning buzilgan huquqlari tiklandi.