Egalik huquqi: bu gal muammo to‘liq bartaraf etiladimi?
Mamlakatimizda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki uzoq yillar davomida foydalanib kelinayotgan bo‘lsa-da, rasmiylashtirish masalasi fuqaroga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan yer uchastkalari ko‘p. Shu vaqtgacha qonunchilikda ham ushbu yerlarga bo‘lgan huquqni e’tirof etish uchun huquqiy asos yoki vakolatli organ belgilanmagan edi. Bugun ko‘pchilikning tilida bo‘lgan yangi qonun bilan nimalar o‘zgaradi? Muammo uzil-kesil hal bo‘ladimi? Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozilbek Xudayqulov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
— “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunni yangi “aksiya” deb qabul qilishimiz mumkinmi? Nega bungacha o‘tkazilgan aksiyalarda muammo to‘liq bartaraf etilmay qoldi?
— Hozirgacha huquqlarni e’tirof etish masalasida besh marta “aksiya” e’lon qilingan. Shundan ikkitasi respublika bo‘yicha. Jumladan, 2016 yil 3 avgustdagi 251-sonli hukumat qarori asosida 695738 ta, 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-sonli Prezident farmon asosida 621580 ta ob’yektga egalik huquqi berilgan. Biroq huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan ob’yektlar ko‘pligi sababli aksiyalar muddati tegishli muammoni to‘liq bartaraf etish imkonini bermagan.
Xususan, 2016 yilda bo‘lib o‘tgan “Yalpi xatlov”da tuzilgan komissiyalarning ishchi guruh tomonidan to‘liq sur’atda ish olib borilmaganligi oqibatida kadastr idoralarida ish ko‘lami oshib ketdi hamda barcha mahallalardagi uy-joylar bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining qarorlari chiqmay qoldi. Keyingi “Aksiya” davrida fuqarolarning o‘zlari Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘lgan va bu masala bo‘yicha aholiga yetarlicha axborot yetib bormaganligi bois ko‘plab ob’yektlar egaliksiz qolib ketgan. Bundan tashqari, aksiyalar haqida bilgan fuqarolar ham “Shu uyda 30-40 yildan buyon yashab kelayapmiz, solig‘ini to‘layotgan bo‘lsak, egalik huquqi nimaga kerak”, degan tushunchada bo‘lgan.
Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ob’yektlar soni 472880 tani tashkil etmoqda. Shundan huquqiy hujjatlari mavjud, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tmagan ob’yektlar 35348 ta, huquqiy hujjati mavjud bo‘lmagan ob’yektlar 437532 ta.
— Yangi aksiya bo‘lishi haqida xabarlardan keyin yerlarni noqonuniy egallab olish holatlari ko‘paygani sir emas. Aytingchi, ularning taqdiri nima bo‘ladi? Umuman, kimlarning ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqi e’tirof etiladi?
— Qonunga asosan, birinchidan, 2018 yil 1 may kuniga (2018 yildagi “bir martalik aksiya”ga) qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda. Shuningdek, 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar, 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari hududiy Kengashlari tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalari ham aksiyaga kiradi. Bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlarining bo‘sh hududidagi turarjoylar hamda ular egallagan yer uchastkasi, kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martga qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasi, davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan bino va uylar egallagan yer uchastkasi shular jumlasidan.
Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.
Ushbu jarayonda ko‘rib chiqiladigan ko‘chmas mulklarga quyiladigan talablar bor, albatta. Jumladan, u boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan yerda bo‘lishi, undan foydalanishda nizo, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi, bosh reja talablariga zid emasligi asosiy talablar hisoblanadi.
— O‘tgan vaqtda qancha yer noqonuniy egallab olindi? Ular qaytariladimi?
— Boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlari yer inspektorlari tomonidan joriy yilning o‘tgan yetti oyida 1350 ta holatda 209,5 gektar yer maydonida joylashgan qurilish osti maydoni 24,9 gektar bo‘lgan noqonuniy bino-inshootlar aniqlangan.
Shundan, 83 ta holatda 7,7 gektarda joylashgan qurilish osti maydoni 0,91 gektar bo‘lgan qurilmalar bartaraf etilgan. 1172 ta holatda 445,3 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan bo‘lib, shundan 691 ta holatda 211,54 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlangan.
Shuningdek, 76 ta holatda maqsadsiz foydalanib kelinayotgan 274,1 gektar yer maydoni aniqlangan va shundan 52 ta holatda 184,6 gektar yer maydonidagi holatlar bartaraf etilib, davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlangan.
Hisobot davrida 2522 ta holatda 654,84 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan elallab olingani aniqlangan va ushbu holatlarni sodir etgan shaxslarning barchasiga ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalar berilgan. Natijada 774 ta holatda 219,29 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishi uni sodir etgan shaxslar tomonidan ixtiyoriy bartaraf qilingan. Sudlarga 1267 ta holatda 268,19 gektar yer maydonlari bo‘yicha da’vo arizalari kiritilib, hozirgacha 684 ta holat bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan. Yana 583 ta holat sud jarayonida ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, 1422 ta holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 219 ta ish qo‘shma tartib asosida prokuratura idoralariga yuborilgan.
— Joylarda aholi tomonidan uzoq yillar oldin egallab olingan yer maydonlari ham bor. Ularning taqdiri nima bo‘ladi?
— Qonunga ko‘ra, u yakka tartibdagi uy-joylar bilan egallagan bo‘lsa, ijara huquqi asosida beriladi. Agar u 1998 yil 1 iyulgacha egallangan bo‘lsa, 24 sotixgacha, 1998 yil 1 iyulidan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 6 sotix, qolgan hududlarda 12 sotixdan oshmagan hajmda beriladi.
Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
— Ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqni e’tirof etish uchun kimga yoki qayerga murojaat qilishimiz kerak? Buning uchun to‘lov ham bormi?
— Yangi Qonunga ko‘ra, fuqarolar ariza bilan hech qaysi tashkilotga bormaydi, endi ushbu jarayon hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi. Unga asosan, Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratadi, hududiy kadastr filiali xodimlari unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi. 10 ta vakolatli organ har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi va tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.
To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.
Xabarnoma asosida bir martalik to‘lov amalga oshirilgandan keyin har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
Huquqlarni e’tirof etganlik uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undirilishi qayd etilgan:
- Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravari (1,7 million so‘m);
- Nukus shahri va viloyat markazlarida BHMning 3 baravari (1,02 million so‘m);
- viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda BHMning 2 baravari (680 ming so‘m);
- boshqa aholi punktlarida BHMning 1 baravari (340 ming so‘m);
- qolgan hollarda esa (hujjatda ko‘rsatilganidan ortiqcha egallangan yerlar, tijorat maqsadlari uchun ajratilgan yerlarda), bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi (o‘rtacha auksion bahosi tumanlar va mahallalar kesimida Davaktiv agentligi tomonidan har olti oyda e’lon qilinadi).
Bunda, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.
Asqar BAROTOV suhbatlashdi.