Ikki dengiz o‘rtasi, suvsiz dara va kechki shafaq
Turkiyaning turizm shaharlaridan biri - Fethiye nimasi bilan ajablantiradi?


Qarag‘ay o‘rmonlari bilan qoplangan tog‘lar etagida joylashgan, yiliga taxminan 285 kun quyosh charaqlab turadigan makon, dyengiz sayohatlari, piyoda sayr, brend tovarlar xaridi, o‘tmish artefaktlari va quyosh botishlar... Bularning barchasi Fethiye haqida.
Bu shahar Egey va O‘rta yer dengizlari orasidagi geografik joylashuvi tufayli ko‘pincha ikki dengiz shahri deb ataladi. Chegara shartli ravishda o‘rnatilgan, biroq u muhim: to‘q firuza rangli va yaxtachilarga yoqadigan shamoli bor Egey sohili biroz salqin. Yumshoq iqlimli va deyarli noyabrgacha iliq suvlari bor O‘rta yer dengizi esa sokin...
Likiyaliklar dahmasi

To‘g‘ridan-to‘g‘ri qoyalarga o‘yilgan, ular shahar ustida yuksalib turadi. Maqbaralar mistik aura va to‘liq mavjudlik ta’sirini yaratib beradigan immersiv teatr effektiga ega. Ayniqsa, quyosh botayotgan paytda miloddan avvalgi IV asrga oid mashhur Amintas qabri, yaqin atrofdagi to‘q qizil plitkali tomlar, portdagi kemalar va dahma ro‘parasidagi orollar tepaliklari qizg‘ish rangga bo‘yalib, ko‘zni qamashtiradi.
Shaharni Antaliya bilan bog‘laydigan 500 kilometrlik mashhur Likiya yayov yo‘lining bir qismi Fethiye orqali o‘tadi. Ushbu marshrut qirg‘oq chizig‘i, qadimiy xarobalar va xilvat ko‘rfazlarning ajoyib manzarasini taqdim etadi. Sayyohlar ko‘pincha Kapalaklar vodiysi yoki Moviy ko‘rfazgacha bo‘lgan qism - nisbatan qisqa va xushmanzara yo‘lning alohida qismlarini tanlashadi.
 
  
 
Qadimiy Telmessos merosxo‘ri
Qadimda shahar hududida Telmessos shahri mavjud bo‘lgan. Qadimgi yunon xudosi deb ataladigan Apollonga bag‘ishlangan bashoratlar markazi o‘z nomini XX asrda o‘zgartirdi. Hozirda tarixiy markazda Usmonlilar uslubidagi tosh uylar, tor ko‘chalar, tog‘lar va dengizning panoramik manzaralari kabi mintaqaning o‘ziga xos tartib va uslublari saqlab qolingan.

Fethiye me’morchiligi yog‘och dafna derazalari va o‘yilgan balkonlar bilan ajralib turadi. Bu Usmonlilar davriga oid me’moriy tafsilot. Eski shaharda qorong‘u ramkalar bilan qoplangan ko‘plab oqlangan yoki yengil gipsli uylar mavjud. Bu ham eski Fethiye uslubining o‘ziga xos belgisidir.
Port

“12 ta orol”, Moviy ko‘rfaz va Muqaddas Nikolay orollari kabi mashhur kunlik sayohatlar boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib xizmat qiladigan portda davlat suv transportlaridan tashqari, xususiy yaxtalar, sayyohlik kemalari va baliq ovlash qayiqlari bog‘lab qo‘yilgan. Ularni bir kun yoki bir necha soatga ijaraga olish, marshrutni tanlab, kemada sayohat qilish, moviy ranglarda jilvalanadigan suvlarda suzib, baliq ovlash uchun yo‘lga chiqishingiz mumkin.
Moviy laguna va paraplan uchuvchilari jannati


Olyudeniz (O‘lik dengiz) mintaqasidagi Moviy ko‘rfaz Turkiyaning eng ko‘p suratga olinadigan joylaridan biridir. Suvi shisha kabi mutlaqo shaffof bu tabiiy qo‘riqxona qumloq til bilan to‘lqinlardan himoyalangan.
Shuningdek, bu yerda paraplanda uchish uchun Yevropadagi eng qulay tog‘ temir yo‘li (funikulyor) o‘rnatilgan. Geografiya va iqlimning mukammal uyg‘unligi bo‘lib chiqqan baland (deyarli 2000 metr) Babadag‘ tog‘idan qilingan parvoz barqaror havo oqimlari va go‘zal qirg‘oq panoramasini aks ettiradi.
Saklikent - suvsiz dara
 
  
 
Shahardan bor-yo‘g‘i 50 kilometr uzoqlikda kattaligi bilan butun dunyoga mashhur Turkiyadagi eng uzun va eng chuqur, Yevropada esa ikkinchi eng katta dara sifatida tan olingan balandligi qariyb 1000 metr Saklikent milliy bog‘i bor. Uning uzunligi 18 kilometr, turli joylardagi tog‘lar balandligi 1000 metrgacha yetadi.
Butun yo‘nalish bo‘ylab ajoyib, tabiiy go‘zal qoyalar, bir nechta sharsharalar va g‘orlarga duch kelasiz. Daraning kirish va chiqish o‘rtasidagi balandlik farqi 720 metrni tashkil qiladi!
Saklikent kanoni ming yillar avval tabiiy oqim bilan emas, balki geologik yoriq natijasida hosil bo‘lgan. Aniqrog‘i, uning Eshyen daryosiga silliq oqib tushadigan yer osti oqimi bor.

Turkiyaning alpinizm, trekking va rafting ishqibozlari uchun noyob sayyohlik maskani 12390 gektar maydonni egallaydi va “Saklikent” so‘zining o‘zi turk tilidan “yashirin shahar” degan ma’noni anglatadi.
Quyosh botishini tomosha qilish zavqi

Fethiyedagi alohida diqqatga sazovor quyosh botishi, aniq bir joy yoki yo‘nalishni talab qilmaydi. Shunchaki suvga yaqin joyga borishgina kifoya. Yoki to‘g‘ri kelgan ko‘prikka chiqing. Osmon pushti, keyin qahrabo, keyin esa qizil rangga aylanadi, odamlar gapirishda to‘xtab qoladi, ular faqat shafaqqa tikilishadi, uning fonida suratga tushishadi. Chunki, ular o‘zini kerakli paytda kerakli joyga kelib qolgandek his qiladi...
Bahora Muhammadiyeva.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    