O‘zbekiston urug‘lari — Svalbard Butunjahon urug‘ omborida
 
                                                                        O‘zbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlariga oid urug‘ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng yirik va xavfsiz urug‘ saqlash maskani — Svalbard Butunjahon urug‘ saqlash genbanki (Svalbard Global Seed Vault)ga topshirildi.
Ushbu muhim tashabbus Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.
Mazkur jarayon O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarda muhim bosqich bo‘ldi. Svalbarddagi omborga topshirilgan urug‘lar o‘zbek dehqonchilik madaniyatining bebaho merosi — qadimiy navlar va mahalliy ekotiplarning genetik namunalarini ifodalaydi. Kolleksiya tarkibida qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bug‘doyning 20 dan ortiq mahalliy navlari mavjud. Ayniqsa, bug‘doyning mahalliy “Qayroqtosh” navi alohida ahamiyatga ega.
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining ta’kidlashicha, bu tashabbus O‘zbekistonning o‘simliklar xilma-xilligini asrash, global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish va genetik resurslarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi.
Ma’lumot uchun: Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Arktika muzliklari bag‘rida joylashgan bo‘lib, -18° haroratda doimiy ishlaydigan global genbank hisoblanadi.
Hozirda bu yerda 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunalari saqlanmoqda. Ushbu maskan dunyo bo‘ylab gen banklarida mavjud urug‘larning zaxira nusxalarini uzoq muddatli saqlashni ta’minlaydi.
Bunday tizim tabiiy ofatlar, urushlar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli o‘simlik turlarining yo‘qolib ketish xavfini kamaytiradi va butun dunyo uchun barqaror oziq-ovqat ta’minotini kafolatlaydi.
Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Norvegiya hukumati, Crop Trust tashkiloti va Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    