Baxtning erta-kechi bo‘lmaydi
 
                                                                        Yaqinda Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilaridan biri Robiya turmushga chiqdi. “Qiz bola – palaxmon toshi”, deydi-ku! Viloyatimizning olis qishlog‘idan bo‘lgan qiz poytaxtga kelin bo‘ldi.
Qiz institutga kirgandan 4-bosqichning oxirigacha faqat o‘qidi, turli sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Sevmadi, sevilmadi. Dugonalarining “qariqiz bo‘lib, qolib ketmasang bo‘lgani”, degan gaplariga ham parvo qilmadi.
O‘tgan o‘quv yilining oxirrog‘ida institut darvozasidan tashqarida turganimda notanish keksa ayol yaqinlashib, salom-alikdan keyin meni savolga tutdi.
- Domlamisiz, singlim?
- Ha.
- To‘g‘risini aytsam, bir iltimos bilan keluvdim. O‘zim ishtixonlikman, o‘g‘lim Toshkentda yashaydi. Ikkinchi farzandini uylantirmoqchi. Shuning uchun esli-hushli, inglizchani yaxshi biladigan qiz kerak-da.
- Kuyov bo‘lmish o‘qiganmi? – so‘radim qiziqib.
- Albatta, xalqaro universitetni tugatib, bankda ishlayapti. Unga o‘zim kelin topmasam, hali-beri uylanish niyati yo‘q. Tengdoshlari deyarli uylanib, farzandliyam bo‘lishdi.
- Toshkentda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, qishloqda katta bo‘lgan qizga uylanarmikan nevarangiz?
- Albatta, o‘zi juda aqlli bola. Faqat bo‘lajak kelinning ingliz tilidan qanaqadir sertifikati bo‘lishi kerak emish. Nomini aytishga tilim kelmaydi. Shunisi bo‘lsa, aqlli, bo‘yi uzunroq bo‘lsa...
- Onamga o‘xshatdim sizni, xola, - gapini bo‘ldim uning va birinchi xayolimga kelgan kelinlikka nomzod Robiya bo‘ldi. – Siz istagan bir qiz bor. Shogirdim, bir ko‘rasiz, ma’qul kelsa...
- Yaxshi bo‘lardi. O‘xshab qolsa, to‘yida qimmat ko‘ylak kiydiraman sizga, - dedi xola...
Yaqinda Robiya bir ish bilan Samarqandga kelgan ekan, men bilan ham uchrashib ketdi. Baxtli ekanligi, yaxshi oilaga kelin bo‘lganligi, o‘zi orzu qilgandek magistraturani Toshkentda o‘qishi, ahamiyatlisi, Samarqanddagidek bir ijara uydan boshqasiga ko‘chib yurishdek sarsongarchilikdan qutulgani haqida gapirib berdi.
- Baxtingga ko‘z tegmasin! - dedim xursand bo‘lib.
- Buvijonim, ya’ni momoqaynonam sizga salom aytib yubordi. To‘yni ixcham qilib o‘tkazdik. Biz tomondan Toshkentda o‘qiyotgan ikki dugonam va yaqin qarindoshlarim, jami 35 kishi qatnashdi. Kuyov tomondan esa 100 nafardan ziyod kishi bo‘lsa, 150 kishi bilan to‘yimiz o‘tdi. Ayniqsa, Samarqanddan borgan har bir qarindoshimiz hayratini yashirolmadi. “Bo‘lar ekan-ku, to‘yni shunaqa o‘tkazsa ham”, deyishdi. Turmush o‘rtog‘im ham xursand. U aka-ukalari bilan to‘ydan ortgan pulni nimaga sarflash mumkinligi haqida maslahatlashdi va qaynota-qaynonamni Turkiyaga sayohatga yuborish taklifi o‘rtaga tashlandi. Qaynonamning ko‘ziga yosh keldi. Ular qishloqdan poytaxtga borganidan beri uch o‘g‘ilni katta qilish, o‘qitish, har biriga kvartira sotib olish ilinjida yuraverib, tayinli dam olmagan ham ekan. Bu taklifni biz, kelinlar ham qo‘llab-quvvatladik. Ular meni o‘z qizlaridek qabul qildi. Magistratura bosqichida o‘qishimni davom ettirishimga yordam berishyapti.
- Qoyil, baxtingga ko‘z tegmasin. Sendek aql bilan ish yuritadigan yigit-qizlar safi kengaysin!
Nasiba Siddiqova.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    