Kadastr xizmati: Inspektorlarga planshet beriladi
2023 yilda viloyatimizda 2223 holatda 602 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Bu 600 ga yaqin futbol maydoni degani. Xo‘sh, bunday qonunbuzarliklar qanday aniqlanyapti? E’tibordan chetda qoladigan holatlar ham bo‘ladimi?
Shu va boshqa savollarga "E-yer nazorat" AAT dasturining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda javob oldik.
— Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida ishlab chiqilgan mazkur axborot tizimi doimiy takomillashtirib borilmoqda, - deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi yer va kadastr nazorati shu’basi bosh mutaxassisi X.Berdiqulov. – Hozir u ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Ya’ni, endi inspektorlarimizga maxsus planshetlar beriladi va ular mazkur qurilma orqali qonunbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritishi, ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Bugungacha barcha hujjatlashtirish ishlari qog‘ozda amalga oshirilib, ko‘p ovoragarchilikka sabab bo‘lgan.
"E-yer nazorat" AAT dasturi yordamida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish muddati qisqardi va idoralararo hujjat almashish tezkorligi oshirildi. U, shuningdek, mutaxassislarga yer holatini kosmik suratlar yordamida nazorat qilib borish, noqonuniy qurilish yoki qurilishdagi qonunbuzarliklarni erta aniqlash imkonini beradi. Soddaroq qilib aytganda, endi aksiya yoki boshqa huquqiy yengillik umidida yerni noqonuniy egallagan, unda inshoot qurib, ota-bobomdan qolgan, deya iddao qiladiganlarning nayrangi o‘tmaydi. Tizim yerning bir necha o‘n yillik holatini ko‘rsatishi mumkin.
— Aksariyat qonunbuzarlar bu qilmishi uchun javobgarlik borligini o‘ylab ham ko‘rishmagan, - deydi X.Berdiqulov. – Ammo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-moddasida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalaridan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. Agar siz o‘zingizga tegishli bo‘lmagan yerda qurilish ishlarini amalga oshirsangiz, BHMning bir yuz ellik baravari miqdorida, mansabdor shaxslar uch yuz baravari miqdorida jarima to‘laydi. O‘tgan yili inspektorlarimiz tomonidan belgilangan jarima choralari 26 132 milliard so‘mni tashkil etgan.
Tadbirda Kadastr agentligi Kartografiya davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi va Geinnovatsiya davlat unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan maktab va maktabgacha ta’lim uchun ishlab chiqilgan interaktiv xarita taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Loyiha 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning xaritalarni tez va oson o‘rganishiga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.