Hujjati mukammal bo‘lmagan uy-joylar bo‘yicha bosh og‘rig‘i barham topadi
Xuddi shunday. Ko‘pchilik yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgan hujjatsiz, boshqacha aytganda egalik huquqi to‘liq bo‘lmagan yer uchastkalari va uy-joylar masalasida aholiga yana bir bor yengillik va qulaylik yaratilmoqda. Buning uchun fuqarolar o‘z vaqtida harakat qilib, qonun qabul qilingandan boshlab, 2028 yilning 1 yanvar sanasigacha aksiyadan foydalangan holda yer uchastkalari va uy-joylarini rasmiylashtirib olishlari lozim bo‘ladi.
“Gap nima haqida boryapti”, deysizmi? Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud ekan. Amaldagi qonunchilikda esa ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas.
Shu paytgacha yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta aksiya e’lon qilingan edi. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan.
Xususan, 2018 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Shunga qaramay, yana 126 mingdan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalikni belgilash masalasi ochiq turibdi.
Bu kabi muammolarni hal etish bo‘yicha yana 3 yillik davlat aksiyasi kutilayotganligi to‘g‘risida keyingi paytlarda matbuotda bir qator materiallar e’lon qilindi. Ayni paytgacha “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
Mazkur qonunda nazarda tutilayotgan ayrim jihatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Jumladan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmaydigan hajmda rasmiylashtirib beriladi.
Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni yuqorida keltirilgan hajmlardan ortiqcha bo‘lsa, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga tomorqa yoki dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ijara huquqi e’tirof etiladi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, hozirgi kunda ayrim fermerlar, fuqarolar tomonidan g‘allachilik, paxtachilikka mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar ham o‘zboshimchalik bilan egallangan holatlar bor. Bino va inshoot, yakka tartibdagi uy-joy sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi qonunchilik hujjatlariga asosan yer fondi toifasi o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Qonunda yana bir masala — xalqimiz orasida “dacha” deb ataladigan dala hovlilarga oid muammolar ham tartibga solinmoqda. Shahar atrofidagi dala hovlilar bugungi kunda rasman “Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari”ga birlashgan bo‘lsa-da, amalda doimiy turar joylarga aylangan. Qonun bilan ushbu shirkatlardagi xonadonlarning ham qonuniy huquqlari tartibga keltirilishi bu yerda istiqomat qiluvchilarni qiynayotgan masalalarga yechim bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, navbatdagi tashabbus fuqarolarning muammolari ularning foydasiga hal etilayotganidan dalolat beradi.
A.Shamsiqulov,
viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.