Tabiatni asrashga bag‘ishlangan san’at: Samarqandda xalqaro haykaltaroshlar jamlandi

Samarqandda boshlangan yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Tomonlar konferensiyasining 20-sessiyasi (CITES CoP20) doirasida “Samarqand – 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi o‘tkazilmoqda.

“Bizning sayyoramiz – bizning uyimiz!” shiori ostida tashkil etilgan simpoziumda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan kelgan mashhur haykaltaroshlar 12 ta eskiz bo‘yicha granit toshdan san’at asarlari yaratmoqda. Bu asarlar 150 nafar haykaltaroshning tanlovga taqdim etgan 300 dan ortiq eskizlari orasidan tanlab olingan.

— Har bir asarda tarix, madaniyat va o‘ziga xos me’moriy qiyofa aks ettirilmoqda, — deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi mas’ul xodimi Botir Hakimov. — Bu simpozium nafaqat davlatlar va ijodkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki insoniyatni o‘ylantirayotgan ekologik muammolarga birgalikda yechim izlashga xizmat qiladi.

Simpozium shu yilning 7 noyabrida boshlangan bo‘lib, bir oy davom etadi va haykaltaroshlar “yashil kelajak”, “inson va tabiat uyg‘unligi”, “planetamizni asrash mas’uliyati” hamda "Samarqand ruhi" mavzularida haykaltaroshlik mahoratini ko‘rsatadi.

Yaratilgan ishlar Samarqand va Toshkent shahridagi jamoat maskanlari, bog‘lar va madaniy maydonlarda aholining ekologik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiruvchi ko‘rgazmaga aylanishi rejalashtirilgan.

Samarqand 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti va “Samarqand ruhi” loyihasi doirasida ilk bor xalqaro haykaltaroshlik simpoziumiga mezbonlik qilgan edi.