AQSh prezidenti Putin va Zelenskiyga vakillar yubordi
Donald Tramp 25 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina–Rossiya urushini tugatish bo‘yicha yakunlovchi tinchlik kelishuvi bo‘yicha o‘z vakillariga Moskva va Kiyevda uchrashuvlar o‘tkazishni topshirganini ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff Moskvaga borib Vladimir Putin bilan muloqot qiladi. Shu paytda AQSh armiyasi vaziri Den Driskoll ukrainalik rasmiylar bilan uchrashadi.
Tramp so‘nggi haftada uning jamoasi «urushni to‘xtatish borasida sezilarli siljishga erishgani»ni ta’kidladi. AQSh tomoni ishlab chiqqan dastlabki 28 banddan iborat tinchlik rejasi ikki tomonning qo‘shimcha takliflari asosida qayta ko‘rib chiqilgan va unda faqat bir nechta bahsli masala qolgani aytiladi.
Prezident Tramp Zelenskiy va Putin bilan yaqin vaqt ichida uchrashishdan umidvor ekanini bildirib, bunday uchrashuv faqat «kelishuv to‘liq tayyor bo‘lganda yoki yakunlash bosqichiga kirganda» amalga oshishi mumkinligini qayd etdi.
O‘z navbatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham AQShning tinchlik rejasiga qo‘shilish va Donald Tramp bilan iloji boricha tez uchrashishga tayyor. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Axios nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.