Zelenskiy Putinga ochiq xat yo‘lladi, Davlat dumasi munosabat bildirdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, urushni tugatish uchun shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.
Zelenskiy uchrashuvni Moskva yoki Kiyevda emas, balki neytral joyda — masalan, Shveysariya, Turkiya yoki arab davlatida o‘tkazishni taklif qildi.
Maktubida u urushni Putinning shaxsiy qarori deb atab, Rossiya katta yo‘qotishlarga uchrayotgani, sanksiyalar bosimi ortib borayotgani va jamiyatda urushdan charchoq kuchayayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Ukraina mustaqilligini saqlab qolgani va kurashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina rahbari Rossiya armiyasining yo‘qotishlari ortib borayotganini, Moskva esa hanuz o‘zining harbiy maqsadlariga erisha olmaganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya 2027–2028 yillarda ham urushni davom ettirish rejalarini ko‘rib chiqmoqda.
Zelenskiy muzokaralar davrida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish, harbiy asirlarni «barchasini — barchasiga» tamoyili asosida almashish hamda urush tufayli olib ketilgan tinch aholi va bolalarni qaytarishni taklif qildi.
Uning fikricha, muzokaralarda AQSh va Yevropa davlatlari ham ishtirok etishi mumkin. Maktub so‘ngida Zelenskiy Putinni urushni to‘xtatishga chaqirib, agar Moskva bunga rozi bo‘lmasa, Ukraina xalqaro hamkorlari yordamida kurashni davom ettirishini bildiradi.
Ayrim davlatlar rahbarlari Zelenskiyning xatini "yaxshi tashabbus" deb atashdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni qayta boshlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Rossiya Davlat dumasida Ukraina rahbarining Putinga yo‘llagan ochiq maktubiga munosabat bildirib, bu qadamni «umidsizlikdan qilingan harakat» deb atadi. Aytilishicha, Zelenskiy Rossiya prezidentiga yo‘llagan ochiq maktubi orqali tinchlikni tilab olmoqchi.
Avvalroq Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Ukraina bilan tinchlik kelishuvini imzolash ehtimoliga izoh bergan edi. U bunday hujjat imzolanishini tarixiy voqea deb atadi, biroq Rossiya kelishuvga Kiyevning legitim vakili bilan erishishni istamoqda.
Putinga ochiq maktubni Zelenskiy shundan keyin e’lon qildi.