Shoshilinch tayyorgarlik: Tramp, Putin va Zelenskiy uchrashuvi yaqin

CNN telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp o‘z jamoasiga zudlik bilan Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan muzokaralar tashkil qilishni boshlashni topshirdi.

Tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Uchrashuvlar keyingi ikki hafta ichida o‘tkazilishi mumkin.
Putin va Tramp yaqin kunlarda uchrashishini Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov ham tasdiqladi.
Tramp yaqin kunlarda Putin bilan uchrashishi, so‘ngra Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish niyati haqida bir qancha Yevropa yetakchilarini xabardor qilgan. Uning yordamchilari bu muzokaralarni rejalashtirishda vaqtni boy bermayapti, garchi bunday tadbirlarni tashkil qilish uchun bir haftadan ko‘proq vaqt ketadi.

CNN ta’kidlaydi: Tramp o‘z jamoasiga bosim o‘tkazmoqda va ulardan tezkorlik talab qilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, u butun dunyoga faqat o‘zigina “urushni to‘xtatish”ga qodir ekanligini ko‘rsatmoqchi.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, hozirda muzokaralarning uchta formati ishlab chiqilmoqda: ikkita ikki tomonlama va bitta uch tomonlama. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotdan qo‘rqmaydi va Rossiyadan ham xuddi shunday qat’iylikni kutadi.