“Raqamli mahalla”: Mahallalarda yagona axborot tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda
Raqamlashtirish hayotimizga shu qadar singib ketdiki, davlat xizmatlaridan foydalanish, kredit olish, tashkilotlarga murojaat qilish, mahsulot buyurtma berish va boshqa ko‘plab ishlarni uydan chiqmasdan amalga oshiryapmiz. Endi bu tizim mahallalarda ham keng qo‘llaniladi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yaqinda mahalla faoliyatiga bog‘liq barcha mexanizmlarni o‘zida jamlagan yagona tizim — “Raqamli mahalla” platformasi joriy etildi.
Endi mahallada yuritilayotgan hisobotlar va hujjatlar to‘liq raqamlashtirilib, “Mahalla yettiligi” faoliyati tartibga solinmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar ma’lumotlari, ulardan tushayotgan murojaatlar va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham ushbu platforma orqali raqamlashtirilmoqda.
“Raqamli mahalla” platformasi “Unicon Soft” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda platformadan foydalanish, uni nazorat qilish hamda fuqarolar o‘rtasida raqamli yondashuvni targ‘ib qilish maqsadida respublika bo‘ylab, jumladan Samarqandda ham “Mahalla yettiligi” a’zolari maxsus o‘quv dasturlari asosida malakasi oshirilmoqda.
Bugungi kunda “Mahalla yettiligi” vakillari 20 dan ortiq turli platformalardan foydalanyapti. Endi ularning barchasi “Raqamli mahalla” platformasiga integratsiya qilinadi. Hozirda ushbu platforma orqali mahalla balansi, migratsiya, subsidiya, bandlik, mahalla byudjeti va ijtimoiy yordamlar bo‘yicha modullar ishlab turibdi.
Fuqarolar platforma orqali masofadan, ya’ni uyidan chiqmasdan mahallaga murojaat qilishi, o‘ziga kerakli ma’lumotni olishi yoki boshqa turdagi davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Misol uchun, mahalla infratuzilmasi, ishsizlik, kambag‘allik, jinoyatchilik, oilaviy ajrim, “Yashil makon”, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, aholi daromadini oshirish kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan “Ombor daftari” to‘liq raqamlashtirilib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va hal etish maqsadida aholining “yettilik” a’zolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish tizimi ishga tushirilgan. Ayni paytda fuqarolardan murojaatlar qabul qilish test rejimida ishlamoqda va malakasi oshirilgan 6270 nafardan ziyod “yettilik” a’zolari “Raqamli mahalla” platformasiga ulangan.
2026 yilning yanvar oyidan boshlab aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish hamda boshqa modullarni ishga tushirish aynan “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi. Jarayonda “Mahalla yettiligi” a’zolarining bilim va malakalari oshirib boriladi va ilova bir nechta platformalar bilan integratsiya qilinadi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa tizimlar orasida axborot almashinuvini ta’minlash va yagona ma’lumotlar bazasini yaratishdir.
Azizbek Shayimov,
“Unicon Soft” MChJ Samarqand filiali direktori o‘rinbosari.