Past Darg‘omdagi Nomsiztepadan antik davrga tegishli sug‘diylar tangasi va sopol buyumlar topildi
Tumanda 150 ta arxeologiya va arxitektura ob’yekti ro‘yxatga olingan. Ob’yektlarning aksariyati tepaliklardan iborat bo‘lib, miloddan avvalgi I asrdan XVIII asrgacha davrlashtirilgan.
Biroq ko‘plab tepaliklarga nom berilmagan, ba’zilarining aniq davri ham yo‘q, shuningdek, hududda aniqlangan yangi topilmalar, arxeologiya ob’yektlari madaniy meros ro‘yxatiga kiritilmagan.
Tumandagi madaniy meros ob’yektlarining holati bilan tanishib, bunga amin bo‘ldik.
- Past Darg‘omda 150 ta madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan, lekin bu to‘g‘ri emas, - deydi tarixchi Sharifjon Saxatov. – 2014 yilda Samarqand arxeologiya instituti olimlari va Italiya arxeologlari tumandagi barcha tepaliklarning joylashuvi, o‘rni va tarixini xaritaga kiritib, ularga nom berishgan. Ushbu ro‘yxatga ko‘ra, tumanimizda 300 dan ortiq tepalik mavjud. Misol uchun, Xonchorbog‘ mahallasida Abdulloh Xoja ibn Darvesh dafn etilgan va qadimiy sag‘ana, uning qabrtoshi yoki Qayrag‘och qishlog‘ida dafn etilgan Xoja Kalon qabrtoshi va qadimiy qabriston ro‘yxatga olinmagan. Bundan ko‘rinadiki, hududdagi madaniy meros ob’yektlarini yana xatlov qilib, qaytadan ro‘yxatga olish kerak.
Tepaliklarda muhofaza belgilari o‘rnatilmagan
Tumanning Paxtakor mahallasida beshta tepalik bor. Sharifjon Saxatov va shu tumanda yashovchi Akmal Hamroyev mahalladagi Nomsiztepa (xalq tilida Qo‘rg‘ontepa) tepaligining tarixini o‘rganish davomida antik davrga oid sug‘diylar tangasi, sopol idishlar va odam suyagining qoldiqlarini topishgan. Ma’lum bo‘lishicha, tepalik antik davrga, ya’ni miloddan avvalgi IV-VI asrlarga tegishli bo‘lib, qadimda bu joy shahar bo‘lgan.
- Tepalikda dastlabki o‘rganish natijasida antik davr bilan bog‘liq topilmalar aniqlandi, - deydi Akmal Hamroyev. – Hudud qariyb 25 gektarni egallagan bo‘lib, madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan, biroq muhofaza belgilari o‘rnatilmagan. Shu bois aholi tomonidan tepalikda qimmatbaho buyumlarni izlash maqsadida qazishmalar olib borish, chorva mollarining boqilishi va shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanish holatlari ko‘p uchramoqda. Yodgorlikda arxeologlar va mutaxassislar tadqiqot olib borsa, nafaqat antik, balki bronza va boshqa davrlarga oid topilma hamda qimmatli ma’lumotlarni topish mumkin.
Viloyat madaniy meros boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda ro‘yxatga olingan 147 ta arxeologiya va 3 ta arxitektura madaniy meros ob’yektining barchasi qoniqarsiz holatda. Nahotki, o‘tmishimiz, o‘zligimiz aks etgan, ota-bobolarimizdan meros muqaddas qadamjo va tarixiy joylar hech kimga kerak emas. Madaniy meros agentligi mas’ullari sohadagi muammolarga e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.