Soxta prokuror o‘rinbosari qo‘lga tushdi

E’tibor beryapsizmi, keyingi paytda firibgarlik jinoyati, uning turlari ko‘payib bormoqda. Internet, telefon orqali aldanayotganlar yoki ayrim xojatbarorlarning yordamidan umidvor bo‘lganlar chuv tushib qolayotganini ham kunda, kunora eshitib turibmiz.
Past Darg‘om tumanida ana shunday firibgarlardan biri, tayinli ish joyi bo‘lmagan kishi “tuman prokurorining o‘rinbosari” bo‘lib, odamlarni aldab yurgani ma’lum bo‘ldi.
Viloyat prokuraturasiga fuqaro Ozod Parpiyev (ism-familiyalar shartli) ariza bilan murojaat qilib, o‘zini Past Darg‘om tumani prokurorining o‘rinbosari deb tanishtirgan Bo‘riboy Boqiyev mansabdor tanishlari orqali uni ichki ishlar vazirligi post-patrul xizmatiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 7000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib kelayotganligini bildirib, ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur murojaat yuzasidan viloyat prokuraturasi shaxsiy xavfsizlik xodimlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyati boshqarmasi hamda IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Past Darg‘om tumani Nayman mahallasidagi oshxona avtoturargohida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta “prokuror o‘rinbosari” Bo‘riboy Boqiyev ariza muallifidan 2500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan B.Boqiyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda